CHUMIZA

CHUMIZA, Xitoy qo’nog’i (Setaria italica maxima) — boshoqdoshlar oilasiga mansub bir yillik madaniy o’simlik; ozuqabop va donli ekin. Koreya, Hindiston, Mongoliya, Yaponiya, Ukraina, Belorussiya, Gruziya, Shim. Kavkaz, Uzoq Sharqda yetishtiriladi. Chumiza oziq-ovqat (yorma va un) va yem-xashak uchun ekiladi. 100 kilogramm ko’k massasida 15,5 kilogramm ozuqa birligi va 21,1 kilogramm hazm bo’ladigan protein; xashagida 55 kg ozuqa birligi va 3,4 kilogramm hazm bo’ladigan protein bor. Ko’k massasi, pichani va silosi qoramollarga, qo’ylarga, otlarga, doni barcha chorva hayvonlariga beriladi. Chumiza qurg’oqchilikka chidamli, issiqsevar, yotib qolmaydigan o’simlik. Urug’i 5° da unib chiqadi. Doni uchun keng qator oralab, qator oralari 45— 60 santimetr (10 12 kilogramm/gektar) qilib, pichan uchun qatorasiga ekiladi. O’sish davri 70-80 kundan 120-140 kungacha davom etadi. Gektaridan 250-300 tsentnergacha ko’kpoya, 40 tsentnergacha don, 50-70 tsentner pichan beradi.