DALVARZINTEPA XAZINASI

DALVARZINTEPA XAZINASI — Dalvarzintepa shahristoni (Surxondaryo) dan topilgan xazina. O’zbekistan san’atshunoslik ekspeditsiyasi tomonidan topilgan (1972). Dalvarzintepa xazinasi — 2 baldoqli sopol ko’zacha (yarim metr chuqurlikda og’irligi 36 kilogramm) dagi har xil oltin buyumlardan iborat. Oltin buyumlar soni 115 ta, ular yombilar, bilaguzuklar, oltin shodalar va boshqa taqinchoqlardir. Xazina podsho amaldorlari, boylarga har xil taqinchoklar tayyorlab beradigan zargarga tegishli bo’lsa kerak. Chunki ba’zi taqinchoklar juda og’ir, hatto bitta bilaguzuk 872 gramm sof oltindan iborat. Ayniqsa nozik did bilan ishlangan turli shakldagi bilaguzuk va ziraklar, qizg’ish rangli qimmatbaho toshga o’yib ishlangan, erkak tasviri tushirilgan bo’yin taqinchog’i, tilla ipchalardan to’qilgan va 5 qator tizilgan shoda diqqatga sazovordir. Oltin shoda taqiladigan qismining ikkala tomoniga 10 tadan ortiq Feruza va yoqut toshlar qadalgan. Xazinadagi to’g’ri burchak shaklida tayyorlangan yombilar katta ilmiy ahamiyatga ega. Ularning jami 21 ta, ammo 10 tasida qadigi kxaroshti yozuvi bitilgan. Dalvarzintepa xazinasi paleografik jihatdan mil. 1-asrga to’g’ri keladi. Dalvarzintepa xazinasining eng qimmatli tomoni uning antik dunyo davr san’ati qatorida tutgan o’rnidir. Garchi Dalvarzintepa xazinasidagi ayrim taqinchoqlar Afgoniston, Hindiston, Pokistondagi taqinchoqlarga o’xshab ketsada, ammo ularning shimoliy Baqtriya, ya’ni hozirgi O’zbekistonningjan. hududlarida yashagan qo’li gul ustalar tomonidan tayyorlanganligi shubhasizdir. Dalvarzintepa xazinasi topilmasi ajdodlarimizning qo’shni xalqlar va mamlakatlar bilan qadimdan savdo-sotiq va madaniy aloqada bo’lganligidan darak beradi.