DEHQONCHILIK
DEHQONCHILIK – 1) o’simlik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun madaniy o’simliklar (qishloq xo’jalik ekinlari) ni yetishtirish; qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlaridan biri. Aholini oziq-ovqat mahsulotlari, chorvachilikni yem-xashak, ko’pgina sanoat tarmoushri (oziq-ovqat, to’qimachilik, farmatsevtika va boshqalar) ni xom ashyo bilan ta’minlaydi. Chorvachilik bilan uzviy bog’liq. Dalachshshk (asosiy tarmoq), sabzavotchilik, polizchilik, bog’dorchilik, gulchilik, yaylov-o’tloqchilik kabi tarmoklarga bo’linadi. Dehqonchilikda ekinlarni parvarishlash va mahsulotlar yetishtirish texnologiyasining asosiy tadbirlari: mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan, qimmatli biologik va xo’jalik belgilariga ega bo’lgan navlar (duragaylar) ni tanlash, almashlab ekishda eng yaxshi o’tmishdoshni tanlash; ekin ekiladigan maydonlarda yerga yaxshi ishlov berish va o’g’itlarni qo’llash; urug’likni ekishga tayyorlash, ekish (muddatlari, urug’lik ekish normasi, ekish usuli, ekish chuqurligi); ekinlarni parvarishlash (tuproqqa ishlov berish, oziqlantirish, begona o’tlarni yo’qotish, ekinni zararkunandalar va hasharotlardan himoya qilish, defoliantlar, desikantlar qo’llash); hosilni yig’ib-terib olish (asosiy va ikkilamchi mahsulotlarni yig’ib-terib olish muddatlari va uni tashkil qilish, dalani o’simlik qoldiklaridan tozalash, hosil yig’ib olingandan keyin erni haydash); yig’ib olingan hosilga dastlabki ishlov berish va boshqalar. Qishloq xo’jalik ekinlarini yetishtirishda mukammal agrotexnologiya mintaqa, muayyan hudud, xo’jalik, almashlab ekish dalasining tuproq-iqlim sharoitlari va ekiladigan o’simlik xususiyatlariga, shuningdek, xo’jalikning ishlab chiqarish resurslariga mos kelishi kerak. Dehqonchilikning asosiy vazifasi ekinlarni yetishtirishning ilmiy asoslangan jadal texnologiyalari negizida don, sabzavot, meva va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni ko’paytirishdan iborat. Tuproq, joy, iqlim sharoitlarining xilma-xilligiga qarab Dehqonchilikda ekiladigan ekinlar, tuproqqa ishlov berish usullari katta farqlarga ega. Namgarchilik yetarli bo’lgan mo’tadil mintaqalarda turg’un Dehqonchilik, qurg’oqchilik hududlarida sug’orma Dehqonchilik, nam subtropik va tropiklarda 2-3 marta hosil yetishtiriladigan yil bo’yi Dehqonchilik paydo bo’lgan. Shu munosabat bilan har bir mintaqa uchun dehqonchilik tizimi ishlab chiqiladi. Shimoliy yarim sharda Dehqonchilikning quyidagi turlari paydo bo’lgan: turg’un Dehqonchilik (tuproq-iqlim sharoitlari turli xil asosiy ekinlarni sug’ormasdan yetishtirish imkonini beradigan hududlarda); qurg’oqchil Dehqonchilik (ob-havo sharoitlari, ATM yog’inlari beqaror bo’lgan dashtlarda); lalmi Dehqonchilik (qishloq xo’jalik ekinlarini yetishtirish faqat ATM yog’inlariga bog’liq bo’lgan, sug’orilmaydigan yerlarda); sug’orma Dehqonchilik (cho’l, chala cho’l quruq dasht hududlarda); tog’ Dehqonchilik (tuprog’i kam taraqqiy etgan, ammo tabiiy unumdorligi yuqori bo’lgan tog’li hududlarda); qutb Dehqonchilik (Chekka Shimol mintaqasida). Dehqonchilik tosh davrining so’nggi bosqichi (neolit)da paydo bo’ldi. Tuproqni yumshatishda ishlatilgan dastlabki qurol-yog’och yoki tosh poynakli yog’och so’qa hisoblanadi. Tuproqqa ishlov berish qurollari (so’qa, omoch, ketmon, plug) va ot-ulov kuchlari (ot, ho’kiz, traktor, elektr tortish qurilmalari) ning takomillashib borishiga qarab haydalma Dehqonchilik paydo bo’ldi va rivojlandi. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning o’sishi, tabiatshunoslik fanlarining rivojlanishi natijasida Dehqonchilik usullari ham o’zgarib, asta-sekin ekstensiv shakllardan (olinadigan yalpi hosilni ekin maydonlarini kengaytirish hisobiga ko’paytirish) intensiv shakllarga (yer maydonlarini kengaytirmagan holda ekinlar hosildorligi o’sishini turli omillar — mexanizatsiya, meliotrasiya, kimyolashtirish, agrotexnika va boshqalar hisobiga ta’minlash) o’tib, takomillashib bordi. Hozirgi davrda jahonda Dehqonchilik qilinadigan va ko’p yillik daraxtzorlar bilan band bo’lgan yerlar 1512 million gektarni tashkil qiladi. Jahon Dehqonchilikda bug’doy, sholi, makkajo’xori, arpa, kartoshka, sabzavotpoliz ekinlari, mevalar, uzum eng ko’p ekiladi. Jahon Dehqonchilikda sug’oriladigan jami yerlar maydoni 271,4 million gektarni tashkil etadi. Sug’oriladigan maydonlar (million gektar): Afrikada — 12,5, shimoliy Amerikada — 30,4, Osiyoda — 191,2, Yevropada — 24,6, Avstraliyada — 2,4. Jahonda AQSh, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Qozog’iston kabi mamlakatlarda katta maydonlarda Dehqonchilik qilinadi. Haydaladigan va doimiy ekiladigan yer maydoni AQShda 176,9 million gektar (sug’oriladigan yerlar 21,4 million gektar), Xitoyda 124,1 million gektar (sug’oriladigan yerlar 52,5 million gektar), Hindistonda 161,9 million gektar (Sug’oriladigan yerlar 59 million gektar), Rossiyada 127,9 million gektar (sug’oriladigan yerlar 4,6 million gektar), Qozog’istonda 30 million gektar (sug’oriladigan yerlar 2,3 million gektar). 20-asr oxiriga kelib Yevropa mamlakatlarida ham sug’orma Dehqonchilik rivojlandi. Sug’oriladigan yerlar maydoni (million gektar) Frantsiyada — 2, Italiyada — 2,7, Ruminiyada — 2,8, Ispaniyada — 3,6, Ukrainada — 2,5 ni tashkil qiladi (1999). O’rta Osiyo, shu jumladan O’zbekiston Dehqonchilikning qadimiy markazlaridan biri hisoblanadi. Ibtidoiy Dehqonchilikdan madaniy Dehqonchilikka o’tish davrida O’rta Osiyoda Osiyo hamda Yevropaning boshqa mintaqalariga qaraganda yerni ishlashda qo’llanilgan temir qurollar ertaroq paydo bo’lgan. S.P. Tolstovning taxminicha, miloddan avvalgi 2-ming yillikning o’rtalarida Xorazmda qayir tipidagi sugorishga asoslangan chopiq qilinadigan Dehqonchilik rivoj topgan. Farg’ona vodiysida ibtidoiy jamiyatda yashagan urug’lar (ayniqsa jez davrida) soy va daryo etaklarida liman usulida sug’orishnn qo’llab, loyqa bosgan yerlarga tariq, arpa va boshqa donli ekinlar ekishgan. Arxeologik tadqiqotlarning ko’rsatishicha, O’rta Osiyoda miloddan avvalgi 10-asrda, asosan g’alla ekinlari, sholi, g’o’za, kunjut, qovun, tok va boshqalar o’stirilgan. 20-asr boshlariga qadar O’rta Osiyoda, xususan hozirgi O’zbekiston hududida Dehqonchilikning texnikaviy va agronomik darajasi past edi. Asosan ekstensiv Dehqonchilik tizimi qo’llanilgan. Barcha qishloq xo’jalik ekinlari, jumladan g’o’za, makkajo’xori, oq jo’xori, sholi, boshoqli don, dukkakli don ekinlari faqat qo’l kuchi bilan yetishtirilar, don ekinlari hosildorligi gektariga 6-7 tsentnerdan oshmas edi. Asosiy ulov — ot, ho’kiz, tuya, qishloq xo’jalik qurollari — omoch, ketmon, o’roq, yog’och moladan iborat bo’lgan, mineral o’g’itlar umuman qo’llanilmagan. 20-asrning 20-yillaridan O’zbekistonda Dehqonchilikning ilmiy bazasini yaratish boshlandi, tajriba stansiyalari, tajriba-tayanch xo’jaliklari, ilmiy tadqiqot va o’quv institutlari tashkil etildi, Dehqonchilikda turli mineral o’g’itlar, o’simliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalaridan foydalanila boshlandi, respublikaning o’zida o’g’itlar ishlab chiqaradigan sanoat korxonalari qurildi, irrigatsiya-melioratsiya qurilishi rivojlantirildi. O’zbekistonda keyingi 90 yil mobaynida asosiy Dehqonchilik qilinadigan sug’oriladigan yerlar maydoni 2,34 marta ko’paydi va 2000 yilga kelib 4238,6 ming gektar yetdi (1914 yilda 1809,5 ming gektar). Qishloq xo’jalik ishlab chiqarishda mexanizatsiyani keng joriy qilish natijasida Dehqonchilik madaniyati yuksaldi: ekinlarni yetishtirish agrotexnologiyasi yaxshilandi, mineral o’g’itlardan foydalanishning salmog’i va ularning turk tarkibi ortdi, tuproqning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari keng ko’lamda amalga oshirildi, davlat nav va urug’lik nazorati ishlari yo’lga qo’yildi. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin umuman mamlakat qishloq xo’jaligida, shu jumladan Dehqonchilikda chuqur islohotlarni amalga oshirish davri boshlandi. Birinchi navbatda Dehqonchilikni olib borishning tashkiliy shakllari o’zgartirilib kolxozlar va sovxozlar dastlab jamoa xo’jaliklariga, so’ngra 1995 yildan boshlab shirkatlar, ijarachilar uyushmalari, xalq korporatsiya va boshqalarga aylantirildi, dehqon xo’jaligi, fermer xo’jaligi kabi yangi xo’jalik yuritish shakllari paydo bo’ldi, qishloq xo’jalik korxonalarida oila pudrati keng yoyildi, aholining tomorqa xo’jaligini rivojlantirishga e’tibor berildi. O’zbekistan Respublikasida Dehqonchilikda tub burilishlarning huquqiy asoslarini yaratadigan «Yer to’g’risida» (1990), «Suv va suvdan foydalanish to’g’risida» (1993), «Dehqon xo’jaligi to’g’risida», «Fermer xo’jaligi to’g’risida», «Qishloq xo’jaligi kooperativi (shirkat xo’jaligi) to’g’risida» (1998) va boshqa qonunlar, shuningdek, O’zbekiston Respublikasining Yer kodeksi (1998) qabul qilindi va amalga kiritildi. Respublika qishloq xo’jaligida Dehqonchilik yetakchi o’rinda turadi, uning qishloq xo’jalik yalpi mahsuloti hajmidagi hissasi 60-65%. Dehqonchilikda agrotexnikaning ilg’or usullarini qo’llash, ekinlarning hosildor navlarini yaratish, navlarni muttasil yangilash va nav almashtirish, o’g’itlardan samarali foydalanish, o’simliklar himoyasi xizmatini yo’lga qo’yish, ekin maydonlari tarkiblarini o’zgartirish tufayli yuqori natijalarga erishildi. Dehqonchilikda g’o’za maydonlari qisqartirildi, aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash uchun respublikada don ekinlari maydoni ko’paytirildi va respublikaning g’alla mustaqilligi ta’minlandi. 2000 yilda jami toifadagi xo’jaliklarda ekin ekilgan maydonlar 3774,9 ming gektarni tashkil qildi. Ekin maydonlari tarkibida don ekinlari — 42,7, g’o’za — 38,2, sabzavot — 3,4, kartoshka — 1,4, yem-xashak ekinlari — 11,3, poliz ekinlari — 0,9% tashkil etdi. Respublika dehqonchiligida texnika ekinlari (g’o’za, tamaki, qand lavlagi), don ekinlari (bugdoy, sholi, arpa, makkajo’xori, dukkakli don ekinlari), sabzavot-kartoshka, poliz ekinlari, em-xashak ekinlari, bog’dorchilik o’z ahamiyatiga ko’ra yetakchi o’rinlarda turadi. Respublikada 2000 yilda (ming tonna) paxta — 3001,8, don — 3915,7, shu jumladan bug’doy — 3521,7, sholi — 154,8, makkajo’xori doni — 131,4, kartoshka — 729,8, sabzavotlar — 2637,3, poliz mahsulotlari — 457,3, meva va rezavor meva — 796,9, uzum — 625,4 yetishtirildi. Dehqonchilik madaniyatini og’ishmay oshira borish, fan yutuqlarini va ilg’or tajribalarini keng joriy etish natijasida O’zbekistonning ko’pgina ilg’or xo’jaliklarida paxta hosildorligi gektariga 35-45 tsentner, boshoqli don ekinlari 50-70 tsentner, sholi 60-70 tsentner, kartoshka 250-300 tsentner, poliz ekinlari 300-400 tsentner, makkajo’xori doni hosildorligi 80— 100 tsentnerga yetdi; 2) qishloq xo’jalik ekinlarini yetishtirish va tuproq unumdorligini oshirishning umumiy usullarini o’rganadigan fan (agronomiyaning bo’limi). Dehqonchilik fan sifatida yuqori va barqaror hosildorlikni ta’minlash uchun tuproqqa hamda ekinga ta’sir ko’rsatishning turli usullarini, xususan, tuproqning o’simlik o’sishi va rivojlanishi uchun qulay sharoitlarni ta’minlaydigan suv, ozuqa, havo va harorat rejimini boshqarish, ilmiy asoslangan Dehqonchilik tizimlarini va eng maqbul almashlab ekishni, shuningdek, hosildorlikni pasaytiradigan salbiy omillar (qurg’oqchilik, garmsel, tuproq eroziyasi, begona o’tlar va boshqalar)ni bartaraf etish yoki ularning ta’sirini kamaytirish usullarini o’rganadi va ishlab chiqadi. Dehqonchilik tuproqshunoslik, agrofizika, agrokimyo, selektsiya, urug’chilik, kishlok xo’jaligi Fitopatologiyasi, entomologiya, melioratsiya, meteorologiya, yer tuzish va boshqalar bilan chambarchas bog’liq. Dehqonchilikka oid ilmiy tadqiqot ishlari ilmiy tadqiqot muassasalari, tajriba stansiyalari, tajriba dalalari va tayanch punktlarida, qishloq xo’jalik oliy o’quv yurtlarining tajriba dalalarida olib boriladi. Ad.: Ermatov A., Dehqonchilik. T., 1990; Rastenievodstvo/Pod Red. V. P. Vavilova, M., 1986; FAO Production yearbook 1999, vol. 53. [Food and Agriculture Organisation of the United Nations. Pome, 2001]. Abdurahim Ermatov, Sulton Xolnazarov.