DENOMINATSIYA

DENOMINATSIYA (de va lotincha nominatio — nom) — valyutaning barkarorligini oshirish va hisob-kitobni ixchamlashtirish maqsadida qog’oz pul nominali (yozib qo’yilgan qiymati)ni pasaytirish; eski pulni kursi (qadri) yuqori qilib belgilangan, nomi o’zgarmagan yangi pulga ma’lum nisbatda almashtirish. Mamlakatdagi pul muomalasini tartibga solish tadbirlaridan biri, pul qadri pasayishini to’xtatib qolish yoki susaytirish orqali pul tizimini sog’lomlashtirish maqsadida amalga oshiriladi. Denominatsiya muomalada bo’lgan pul mablag’lari (kupyura, tanga)lar massasini birmuncha kamaytirish imkonini beradi. Denominatsiya amalga oshirilganda, odatda, narxlar, tariflar, ish haqi va boshqalar ham shu nisbatda o’zgartiriladi. Masalan, 1960 yilda Frantsiyada o’tkazilgan Denominatsiya paytida eski Frank yangi frankka 100:1 nisbatda almashtirilgan. Sobiq Ittifoqda 1947 va 1961 yillardagi pul islohotlarida eski rubl yangi rublga 10:1 nisbatda almashtirilgan, lekin 1947 yili narxlar pulni almashtirish nisbatiga muvofiq o’zgartirilmadi. 1961 yilda esa tovarlar narxi ham Denominatsiyaga mos ravishda 10 marta kamaytirilgan. O’zbekistonda 1994 yilda so’m-kupon 1000:1 nisbatda so’mga, Rossiyada 1997 yilda rubl 1000:1 nisbatda Denominatsiya qilindi.