DENOV TUMANI

DENOV TUMANI – Suurxondaryo viloyatidagn tuman. 1926 yil 2 sentabrda tashkil etilgan. Denov tumani viloyatning Sho’rchi, Sariosiyo, uzun, Oltinsoy tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,75 ming kilometr kvadrat. Aholisi 253,7 ming kishi (2000). Denov tumanida 1 shahar (Denov), 1 shaharcha (Do’stlik), 18 qishloq fuqarolari yig’ini (Anbarsoy, Binokor, Dahana, Denov, Kenagas, Navro’z, Pistamozor, Sina, Tortuvli, Xayrobod, Xolchayon, Farg’ona, Yurchi, Yangibog’, Yangizamon, Yangiobod, Qiziljar, Hazorbog’) bor. Markazi — Denov shahri. Tabiati. Denov tumanining shimol, Janub va Markaziy qismi tekislikdan iborat. Sharqda Bobotog’, g’arbda Boysuntog’ tizmalari bilan o’ralgan. Yer yuzasi sharqqa tomon pasayib boradi. Qishi qisqa, iliq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 2,9°, iyulniki 28,4°. Tekisliklarda yiliga 130 millimetrdan 360 millimetrgacha, tog’oldi va tog’larda 445 millimetrdan 625 millimetrgacha yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 226 kundan 266 kungacha. Denov tumanidan Surxondaryo, To’polondaryo, Sangardak, Qizilsuv daryolari, Hazorbog’, Oy-Barak kanallari, Dayto’lak, Denov ariqlari oqib o’tadi. Yer osti suvlariga boy bo’lganligi uchun artezian suvlaridan keng foydalaniladi. Tekisliklarda bo’z tuproq, Daryo sohillarida o’tloqi botqoq, tog’oldi va tog’larda och qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Tog’larda boshoqli o’simliklar, archa, yovvoyi mevali daraxt va butalar o’sadi. Bobotog’da pistazorlar bor. Jayran, tog’echkisi, qobon, silovsin, bo’ri, chiyabo’ri, qo’ng’ir ayiq, jayra, qushlardan qirg’ovul, kaklik, to’rg’ay uchraydi. Daryolarda so’zanbaliq, oq Amur, zog’ora baliq (sazan) ko’p. Aholining aksari qismi (89,5%) o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga o’rtacha 337 kishi to’g’ri keladi. Xo’jaligi. Tuman sanoat korxonalari asosan qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Paxta tozalash, yog’ ekstraktsiya, aroq-vino va pivo, konserva, sut, ta’mirlash-mexanika, gisht zavodlari, qurilish, neft mahsuloti korxonalari, paxta chuvish, kandolatchilik fabrikalari, jami 38 sanoat korxonasi mavjud. Tadbirkorlarga qarashli 200 ga yaqin kichik korxona faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari: paxtachilik, bog’dorchilik, tokchilik, limon yetishtirish va boshqalar. Tog’ etaklarida lalmikor dehqonchilik (asosan bug’doy va arpa) bilan shug’ullaniladi. 12,7 ming gektar yerga paxta, 10,1 ming gektar yerga g’alla ekiladi. Sug’oriladigan yerlar 24,7 ming gektar. Yaylovlarda qoramol, qo’y (jumladan, Hisor qo’ylari) boqiladi. Tumanda 17 jamoa xo’jaligi mavjud. R. R. Shreder nomidagi bog’dorchilik, tokchilik va vinochilik korporasiyasining selektsiya stansiyasi joylashgan. Denov dendrariysi deb atalgan bu ilmiy laboratoriyada tabiatning 900 dan ziyod o’simligi, mevali o’simliklar (jumladan Yaponiyadan keltirilgan palma daraxti, magnoliya, xurmo, apelsin, yong’oq, boshoqli o’simliklar) yetishtiriladi. Tuman hududidan xalqaro temir yo’l, Xo’jand— Dushanba, Termiz—Dushanba avtomagistral yo’li o’tgan. 87 umumiy ta’lim maktabi, gimnaziya, 2 litsey, 3 o’rta maxsus o’quv yurti, san’at, musiqa maktablari, 3 kasb-hunar maktabi, 58 ommaviy kutubxona (500 ming kitob), 46 klub, 2 madaniyat va istirohat bog’i, kasalxonalar, 13 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 6 qishloq»vrachlik punkti, 7 poliklinika, feldsher-akusherlik punktlari, 4 dispanser bor. Bu muassasalarda 3800 dan ziyod tibbiyot xodimlari ishlaydi. 1932 yildan «Chag’oniyon» tuman gazeta nashr etiladi (adadi 9000).