DIKTIOKAULYOZ

DIKTIOKAULYOZ — o’txo’r hayvonlarda uchraydigan invazion kasallik. Kasallikni bronx va traxeyalarda parazitlik qiladigan Dyctyocaulidae oilasiga mansub nematodalar qo’zg’atadi. Kasallik qoramol, qo’y, echki, tuya va boshqa hayvonlar o’rtasida keng tarqalgan. Diktiokaulyoz deyarli ko’pchilik chorva boqiladigan mintaqalarda uchraydi. Gelmintlar oraliq xo’jayin ishtirokisiz rivojlanadi. Hayvonlar suv, o’t bilan lichinkalarni yutib zararlanadi. Ichakka tushgan lichinkalar limfa yo’li bo’ylab harakatlanib, qonga o’tadi, undan o’pkaga boradi. Bu parazit hayvon organizmida 1 — 1,5 oyda voyaga yetadi. Qoramollar organizmida 1,5 oydan 2 yilgacha yashaydi. Kasal hayvonlar ishtahasi yo’qoladi, yo’taladi, ba’zan ichi ketadi, harorati 39,5—41° gacha ko’tariladi. Davolash: nilverm, mebendazol, ditrazin divezid, loksuran, yodning suvdagi eritmasi; antigelmintlar bilan degelmintizatsiya qilinadi. Oldini olish: yaylov almashtiriladi, suv manbalari tartibga solinadi. Qo’ylarga yaylovda boqish davrida fenotiazin-tuz aralashmasi yoki fenotiazin aralash yemga qo’shib beriladi.