DILI KABUTAR
DILI KABUTAR, kaptar yuragi — kechpishar xo’raki uzum navi. Tupi o’rtacha va kuchli o’sadi. Guli ikki jinsli. Bargi katta, besh bo’lakli, ko’p kertikli, arra tishli, to’q yashil, cheti sal yuqoriga qayrilgan. Uzum boshi katta (bo’yi 22 santimetrgacha), tsilindrsimon, shingillari hovol, og’irligi 280-300 gramm, ba’zilari 500-600 gramm. G’ujumi yirik, tuxum shaklida, ko’kimtir-novvotrang, eti qalin, mazali, qarsillaydi, po’stining qalinligi o’rtacha. Dili kabutar nomi nav g’ujumining kaptar yuragiga o’xshashligi sababli yuzaga kelgan. Sentabrda pishadi. Tarkibida 20— 24% qand, 3,5—5% kislota bor. Gektaridan 110— 150 tsentner hosil beradi. Sovuqqa, qurg’oqchilikka chidamsiz. Andijon, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida, Tojikistonda o’stiriladi.