DIPLOM ISHI
DIPLOM ISHI — O’zbekistan Respublikasida oliy o’quv yurtlari va o’rta kasb-hunar o’quv yurt (kasb-hunar kollej) larini bitiruvchilarning o’quv tadqiqot xarakteridagi yakunlovchi ishi. Diplom ishida talaba (o’quvchi) o’zi tanlagan mutaxassisligidan oliy o’quv yurtining muayyan kafedrasi yoki kasb-hunar o’quv yurti tomonidan tasdiqlangan mavzuni mustaqil tadqiq etadi. Diplom ishiga ilmiy rahbar, lozim bo’lgan taqdirda ilmiy maslahatchi tayinlanadi. Bu bilan uning mustaqil ish olib borishga qay darajada tayyorlanganligi, nazariy bilimi va amaliy malakalariga baho beriladi. San’at oliy o’quv yurtini bitiruvchilar rol (aktyorlar), spektakl (rej.lar) yoki badiiy, hujjatli kino xamda televizion materiallar (kino va teletasvirchilar), rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, amaliy bezak san’ati, kino va videofilm, teatr dekoratsiyasi badiiy loyihalashtirish asarlari va boshqalar (rassom, xaykaltarosh va dizaynerlar) yaratish bilan Diplom ishi himoya qiladilar. Oliy texnika o’quv yurtlarining ayrim mutaxassisligida diplom loyihasi o’rniga nazariy yoki eksperimental xarakterga ega bo’lgan Diplom ishi yoqlanadi. Diplom ishi oliy o’quv yurtlarida davlat imtihon komissiyasi, kasb-hunar o’quv yurtlarida davlat ixtisos komissiyasi yigilishlarida himoya qilinadi. Diplom ishi himoya qilgan va ijtimoiysiyosiy fanlarning biridan davlat imtihoni topshirgan bitiruvchilarga muayyan ixtisoslikni egallaganliklari haqida diplom beriladi. O’zbekiston Respublikasining «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» (1997)ga muvofiq 2000/2001 o’quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimida Diplom ishi o’rniga bakalavrlar uchun bitiruv malakaviy ish, magistrlar uchun ilmiy yoki ilmiy-texnikaviy mazmundagi magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish joriy etildi.