DO’LANA KAPALAGI

DO’LANA KAPALAGI (Aporia crataegi L.) — oq kapalaklar oilasiga mansub, meva daraxtlari (olma, nok, olxo’ri, o’rik va boshqalar) ga katta zarar yetkazadigan zararkunanda hasharot. Yevrosiyo, Shimoliy Amerikaning mo’tadil mintaqalarida tarqalgan. O’rta Osiyoning tog’li zonalarida uchraydi, daraxt kurtagi, bargi, guli bilan oziqlanadi. Ko’p urchigan yillari mevali daraxtlarini yalang’ochlab, xo’jalikka jiddiy zarar yetkazadi. Do’lana kapalagining kattaligi qanotlari yozilganda 6-6,5 santimetr, oq. Qanotlari xira oqish, qanot tomirlari qora va yo’g’on. Qurti 4,5 santimetr, tanasi kalta tuklar bilan qoplangan. Qurtining orqa tomonida uzunasiga o’tgan uchta kulrang va ikkita sarg’ish yo’li bor, ostki va yon tomonlari kulrang. G’umbagi ko’p qirrali, uzunligi 2 santimetr, rangi sarg’ish-oq yoki och yashil, qora dog’chalari bor. Do’lana kapalagi daraxt shoxlarida qurtlik davrida qishlaydi. Aprelda uyasini tashlab chiqib, dastlab kurtak, keyinroq yosh barglar b-n oziqlanadi. Qurtlar may boshlarida g’umbakka aylanadi, 1,5 haftada kapalak chiqadi. Urg’ochi kapalaklar barg ustiga 30 dan 200 tagacha tuxum qo’yadi, ikki haftada tuxumdan qurt chiqadi. Do’lana kapalagi yiliga bir marta nasl beradi. Kurash choralari: Do’lana kapalagining qishki uyalari yig’ib olinadi, daraxtlar Nugor, molfos, mitak, fozalon preparatlari bilan dorilanadi.