DONESK TOSHKO’MIR HAVZASI
DONESK TOSHKO’MIR HAVZASI – Yevropadagi muhim ko’mirli havza. Ukrainaning Lugansk, Donesk, Dnepropetrovsk, qisman Poltava, Xarkov va Rossiya Federatsiyasining Rostov viloyatlarida joylashgan. Maydoni 60 ming kilometr kvadrat. Shundan Ukrainadagisi 40 ming kilometr kvadratdan ko’proq. Ko’mirning balans zaxirasi A+V+S, toifa bo’yicha 56 milliard tonna, S2 toifa buyicha 18,1 milliard tonna. Ukrainadagi ko’mirning zaxirasi yuqoridagiga muvofiq 48,6 va 14,2 milliard. tonna. Donesk toshko’mir havzasining tektonik tuzilishi Ukraina kristalli qalqoni bilan Voronej kristalli massivi oralig’idagi sinklinoriydan iborat. Havzaning geologik tuzilishida yuqori paleozoy, mezozoy va kaynozoy eralariga mansub cho’kindi jinslar ishtirok etgan. Ko’mir qatlamlari karbon davri yotqiziqlarida joylashgan. Bu yotqiziqlar ohaktosh, argellit va alevrolitlardan tashkil topgan. Donesk toshko’mir havzasining ko’mirga samaradorligi o’rta karbon davriga to’g’ri keladi. Donesk toshko’mir havzasida 330 ga yaqin ko’mir qatlami ma’lum. Bular quyi, o’rta va yuqori karbon yotqiziqlarida. Ko’mir tarkibidagi uchuvchan moddalarning mikdori va boshqa xossalariga ko’ra Donesk toshko’mir havzasi ko’miri 8 markaga bulingan. Yonganda 7150 kkal/ kilogrammdan 8600 kkal/kilogrammgacha issiqlik chiqaradi. Donesk toshko’mir havzasining gidrogeologik sharoiti qatlamlardan kumir olishga juda qulay. Shaxtalarni deyarli suv bosmaydi. Donesk toshko’mir havzasida toshko’mir dastlab 1721 yil Kundaryuch daryosi o’zanidan topilgan. 1864-70 yillarda havzaning birinchi geologik xaritasi tuzilgan. Ko’mir dastlab oddiy usulda olingan. 1892-1926 yillarda mukammal geologik s’yomka o’tkazilgan. Dastlabki shaxta 1895 yilda Lugansk metallurgiya zavodini yoqilg’i bilan ta’minlash maqsadida qurilgan. Donesk toshko’mir havzasida ko’mir shaxta usulida qazib olinadi. Donesk toshko’mir havzasi ko’miri qora metallurgiya, issiklik elektr stansiyasida va boshqa maqsadlarda ishlatiladi.