DYUPONLAR

DYUPONLAR — AQShdagi moliya guruhi. Bu guruh oilaviy tarzda shakllandi va taraqqiy etdi, asoschisi E. I. Dyupon bo’lib, u 1802 yilda Delaver shtatida porox zavodi qurdi. Dyuponlar 1812-14 yillardagi ingliz-Amerika urushida, AQShning Meksika bilan bo’lgan urushida (1846-48), AQSh fuqarolar urushida (1861-65), ayniqsa birinchi (1914— 18) va 2-jahon urushlarida ko’p mahsulot sotib boyib ketdi. Germaniya urushda mag’lubiyatga uchragach, Dyuponlar firmasi «I. G. Farbenindustri» patentlariga ega bo’ldi va dunyodagi yirik kimyoviy trestga aylandi. Dyuponlarning sanoat uzagini «Dyupon de Nemur» kimyo va neftgaz kimyosi kontserni tashkil kiladi. Kontsern 1982 yilda AQShdagi «Konoko» neft firmasini sotib olib, uz qudratini yanada mustahkamlab oldi. AQShda kontsernning sintetik tolalar, plastmassalar, gaz, neft, kimyoviy moddalar, harbiy mahsulotlar ishlab chikaradigan, ko’mir qazib oladigan unlab korxonalari faoliyat ko’rsatdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya, Belgiya, Niderlandiya, Shveytsariya, Ispaniya, Norvegiya, Yaponiya, Kanada, Argentina, Braziliya, Chili, Kolumbiya, Venesuela va boshqa davlatlarda ham zavodlari bor. Dyuponlar «Yuniroyyal», «Rokuell interneshonal» kabi eng yirik sanoat korporasiyalarini, bir qancha moliya-kredit institutlarini nazorat qiladi. Morganlar bilan mustahkam aloqasi bor.