EKINZORLAR FOTOSINTETIK POTENTSIALI

EKINZORLAR FOTOSINTETIK POTENTSIALI — vegetatsiya davri yoki uning bir qismi uchun o’simliklar fotosintez apparati — barglar sathining kundalik ish hajmi yig’indisini ifodalaydigan ko’rsatkich. Ekinzorlar fotosintetik potentsiali ekinlarni afometeorologik baholashda va hosilni prognozlashda, ob-havo — hosil matematik modellarini tekshirish va asoslashda qo’llanadi. Ekinlar hosilining salmog’i ikki omil — barglar sathining o’lchami va ularning vegetatsiya davri mobaynidagi ish unumdorligi bilan aniqlanadi. Barglar fotosintetik faoliyatining o’lchov birligi qilib 1 metr kvadrat barg yuzasining 1 sutka davomidagi ishi qabul qilingan. Ekinzorlar fotosintetik potentsiali tushunchasi, birinchi marta 20-asrning 50-yillarida rus olimi A.A. Nichiporovich tomonidan ta’riflangan va o’simliklar fotosintetik faoliyatini baholashda asosiy omil sifatida qo’llaniladi. Barglar yuzasi orta borishi bilan umumiy va faol quyosh radiatsiyasining yutilishi ko’payib boradi, radiatsiya oqimining maksimal yutshtishi barglar yuzasi eng kattalashgan davrga to’g’ri keladi. O’simlik suv bilan optimal ta’minlanganda (faol vegetatsiya davomida tuproq nami dala nam sig’imiga 65-70% dan past bo’lmaganda) o’simlik yutgan fotosintetik faol radiasiya (FFR)ning maksimal qiymati ekinzorga keluvchi radiasiyaning 80— 85% ni tashkil etadi. Optimal sharoitlarda Ekinzorlar fotosintetik potentsiali 1 gektar g’o’za maydonida 3,3— 3,5 million metr kvadratni tashkil etadi va 51,4— 53,5 ts/ga paxta hosili olishni ta’minlaydi. Bunda FFR energiyasini o’zlashtirish koeffisienti 3,4% ga teng bo’ladi. Ad.: Muminov F.A., Konovalova N .S, Ispolzovanie Far posevami xlopchatnika i ego produktivnost v Uzbekistane, Trudn sanii, VSh. 88(169), M., 1983. Hamidulla Abdullayev.