EKSSUDAT

EKSSUDAT (lotincha — tashqariga chiqaman, ajralaman) — yallig’lanish tufayli mayda venalar va kapillyarlardan atrofdagi bo’shliq va to’qimalarga sizib chiqadigan suyuqlik. Tarkibida oqsil, leykositlar, eritrositlar va ko’pincha mikroblar bo’ladi. Ekssudat hamma yallig’lanish jarayonlarida hosil bo’lib, tana bo’shliklarida to’planadi. Ekssudat atrofdagi to’qimalarni siqib, ular faoliyatining buzilishiga, yallig’lanish o’chog’idan to’qimalarga yorib o’tganda infektsiya tarqalishiga sabab bo’ladi. Tarkibiga ko’ra, Ekssudatning seroz, yiringli, qonli, fibrinoz va hokazo turlari ajratiladi. O’z vaqtida to’g’ri davo qilinsa, Ekssudat hech bir asoratsiz, batamom so’rilib ketadi. Ekssudat shish bilan kechadigan kasalliklarda kuzatiladigan transsudatdan farklanadi.