ELEKTR BILAN DAVOLASH

ELEKTR BILAN DAVOLASH, elektroterapiya — elektr toki, elektr va magnit maydonlaridan davolash hamda profilaktika maqsadida foydalanish; fizioterapiyaning muhim bo’limi. Elektr bilan davolash faqat vrach buyurganda mustaqil tarzda va boshqalar davo choralari bilan birga qo’llaniladi. Bemorni davolashda Elektr bilan davolash yordamchi davo usuli hisoblanadi. Bunda past quchlanishli o’zgarmas elektr toki, o’zgaruvchan toklar, shuningdek, past chastotali impulsli toklar, turli chastotali o’zgaruvchan magnit maydonlar, yuqori chastotali o’zgaruvchan magnit maydoni va boshqalar qo’llaniladi. Past kuchlanishli tok elektrodlar orasida turgan tananing ma’lum qismidan o’tganida hujayrada fizikkimyoviy jarayonlarning o’zgarishi ro’y beradi, qon aylanishi, uyqu yaxshilanadi, og’riq kamayadi, yallig’lanish jarayonlarini bartaraf etishga yordam beradigan sharoitlar yaratiladi, zararlangan to’qimalarning tiklanishi tezlashadi va hokazolar. Mazkur reaktsiyalar past chastotali impulsli tok bilan davolaganda kamroq seziladi, bu — impulsli toklarni og’riqni kamaytirish, uyqu buzilganda (elektruyqu), bo’shashgan muskullarni mashq qildirish (elektr stimulyatsiyasi) da qo’llashga imkon beradi. Past chastotali o’zgaruvchan magnit maydonini davolash maqsadida qo’llash magnitoterapiya deb ataladi. Davo induktorlar — elektr magnitlari yordamida o’tkaziladi, elektromagnit badanning ta’sir ko’rsatilishi kerak bo’lgan ma’lum joyiga qo’yiladi. Magnit maydonining kuch chiziqlari to’qimalarga qarab, ularni ma’lum darajali isitadi va turli fizik-kimyoviy o’zgarishlarni yuzaga keltiradi, bu og’riq va qichishishning kamayishiga, tomirlar kengayishiga, uyquning yaxshilanishiga yordam beradi. Franklinizatsiyada davo maxsus konstruktsiyadagi ignali elektrodlar bilan o’tkaziladi. Ignali elektrodlar boshning yoki zararlangan soha (yara)ning ustiga qo’yiladi, bunda nerv sistemasi, uyqu va umumiy ahvolning yaxshilanishi kuzatiladi. Uvchterapiyada Ultra yuqori chastotali o’zgaruvchan elektr maydonidan foydalaniladi, bunda davo zararlangan joyga qo’yiladigan kondensator plastinkalar bilan bilinarbilinmas issiqtik ta’sir ettirib o’tkaziladi. UVCH yallig’lanishga qarshi ta’sir ko’rsatadi, tomirlarni kengaytiradi, to’qimalar oziqlanishini yaxshilaydi va og’riqni kamaytiradi. Mikroto’lqinli terapiya — o’ta yuqori chastotali (santimetr va desimetr diapazonidagi) nurlanishning elektr magnit maydonini davolash maqsadida qo’llashdan iborat. Davo turli shakldagi nurlantirgichlar bilan ta’sir ko’rsatib o’tkaziladi, muolajada bemorlarda issiqlik hissi paydo bo’ladi. Bo’g’imlar, umurtqa pog’onasi, periferik nerv shikastlanganda, quloq, tomoq va burun, ayollar jinsiy a’zolarining o’tkir yallig’lanish kasalliklarida qo’llaniladi. Elektr bilan davolash usullari og’ritmaydi va bemorlar uchun xavfsizdir, lekin bunda bir qator qoidalarga rioya qilish talab etiladi. Elektr davoni ovqatlangandan 1-1,5 soat o’tgach qilish, muolaja paytida yerga tutashirilgan narsalarga (apparat korpusiga, isitgich batareyalariga, kranlar va boshqalarga) va muolaja qabul qilayotgan bemorlarga tegmaslik zarur. Elektr bilan davolash mahalliy va umumiy ta’sirlar tarzida bemorning tanasiga elektrodlar qo’yib (elektr toki qo’llaganda) yoki elektrodlarsiz (elektromagnit maydonlaridan foydalanilganda) amalga oshiriladi. Elektr bilan davolashda impulsli toklardan foydalanish yaxshi natija beradi. Ayniqsa, past chastotadagi impulsli toklar neyroendokrin regulyatsiya buzilganda to’qimalarga trofik ta’sir etib uni normallashtiradi, ayrim a’zo va sistemalar faoliyatini kuchaytiradi. Elektr bilan davolashning barcha usullari qo’llanilganda umumiy nospesifik reaktsiyalar — qon aylanishi, moddalar almashinuvi, to’qimalar trofikasi, organizm himoya xossalarining kuchayishi kuzatiladi. Elektr bilan davolash terapiyash muhim o’rinni egallaydi.