ELEKTR RAZVEDKA
ELEKTR RAZVEDKA— yer po’stidagi tog’ jinslarining elektr hususiyatlarini hamda doimiy va o’zgaruvchan tok ta’sirida hosil bo’lgan tabiiy va sun’iy elektr maydonlarni o’rganishga asoslangan geofizik razvedka usullari guruhi. Elektr razvedkani qo’llash natijasida geologik kesim jinslarining elektr xossalari (elektr qarshiligi, dielektrik o’tkazuvchanligi va boshqalar) bo’yicha tabaqalanadi. Elektr razvedkaning quyidagi: 1) doimiy tok usuli — tabiiy elektr maydoni, zaryadi, qarshiligi; 2) pastchastotali o’zgaruvchan tok usuli — tellur toki, chastotali elektromagnit zondlash va boshqalar; 3) o’rtacha chastotali o’zgaruvchan tok usuli — induktsiya, aeroelektr razvedka va boshqalar; 4) yuqori chastotali o’zgaruvchan tok usuli — radioto’lqin bilan tekshirish, radiokip va boshqalar; 5) qutblanish, o’tish jarayonlari, maydon barqarorlanishi natijasida yuzaga kelgan qo’zg’aluvchan maydonlarni o’rganish usullari mavjud. Elektr razvedka usullaridan samarali foydalanish quyidagi shartsharoitlarga bog’liq: 1) tog’jinslari va foydali qazilmalarning elektr xossalari bir-biridan sezilarli farqlanishi; o’rganilayotgan ob’ektning morfologiyasi va o’lchamini uning yotish chuqurligiga nisbatan ustunligini yaqqol sezilishi; 3) qoplama tog’jinslari to’siqlik ta’sirining nisbatan kamligi va boshqalar Hal qilinayotgan geologik masalalar xarakteriga ko’ra, muhandislik geologiyasi, ruda va strukturaviy Elektr razvedkalarga ajratiladi. Elektr razvedka usullarini qo’llash, odatda, qimmatga tushadigan kon kavlash va burg’i ishlari hajmini qisqartirish hisobiga geologik izlanishlarni tezlashtiradi va arzonga tushadi.