ELEKTR TOKI

ELEKTR TOKI — elektr zaryadlarining tartibli harakati. Elektr toki paydo bo’lishi va doimo paydo bo’lib turishi uchun: 1) moddada erkin elektr zaryadlari, 2) ularni tartibli harakatga keltiruvchi elektr maydon va 3) zanjir berk bo’lishi kerak. Zaryadli zarralar tok tashuvchilar deb ataladi. Metallar va yarimo’tkazgichlarda tok tashuvchilar elektronlardan, elektrolitlarda musbat va manfiy ionlardan, ionlashgan gazlarda musbat va manfiy ionlar hamda elektronlardan iborat. Zaryadli zarralarning elektr maydon ta’sirida jismga nisbatan ko’chishi natijasida vujudga keladigan Elektr toki o’tkazuvchanlik toki deb, zaryadlangan makroskopik jism (masalan, suyuqlik yoki gaz) larning ko’chishidan yuzaga keladigan Elektr toki konvektsion tok deb ataladi. Siljish toki deb ataladigan tok ham mavjud. Bu tok zaryadlar harakatiga bog’liq bo’lmay, balki elektr maydon kuchlanganligining vaqt bo’yicha o’zgarishiga mutanosib (proportsional) bo’ladi. Siljish toki magnit maydon hosil qilish xususiyati jihatidangina o’tkazuvchanlik va konvektsion tokka ekvivalentdir. Elektr tokining mavjudligini tok tufayli yuz beradigan quyidagi ta’sir yoki hodisalarga qarab bilish mumkin: 1) issiqlik ta’siri — tok o’tayotganda o’tkazgich (o’ta o’tkazgich bundan istisno) qiziydi; 2) kimyoviy ta’siri — Elektr toki o’tkazgichning kimyoviy tarkibini o’zgartiradi (masalan, elektroliz hodisasi); 3) magnit ta’siri (masalan, tokdi o’tkazgich yonida magnit milining og’ishi, elektromagnitlar); 4) kuch ta’siri (masalan, magnit maydonida tokli o’tkazgichning og’ishi, elektr dvigatellar); 5) yorug’lik ta’siri (masalan, siyraklangan gazlarda razryad, elektr yoyi). Tok kuchi ampermetr, milliampermetr, mikroampermetr va gal’vanometr bilan o’lchanadi. Sunnat G’oibov.