ENERGETIKA
ENERGETIKA — energiyaning har xil turlarini hosil qilish, ularni bir turdan ikkinchi turga o’zgartirish, muayyan masofaga uzatish va etkazib berish, ulardan barcha sohalarda foydalanishni hamda shular bilan bog’liq nazariy va amaliy muammolarni hal qilishni o’z ichiga olgan xalq xo’jaligi, fan va texnika sohasi. Insoniyat taraqqiyotida kishilarning turli energiya manbalariga bo’lgan ehtiyojlari ularni tabiiy manbalar — o’tin, ko’mir, torf va boshqalar yoqilg’ilardan, shamol, suv oqimi energiyasi (mas, shamol va suv tegirmonlari) dan foydalanishga majbur qildi. Keyinchalik fan va texnika taraqqiyoti, fan-texnika inqilobi tufayli 20-asrning 2-yarmidan boshlab asosan elektr energiyasiga ehtiyoj juda oshib ketdi. Ana shu omillar Energetikani jadal rivojlantirishni taqozo qildi. Fan va texnika taraqqayoti energiya ishlab chiqarish va uni o’zgartirishning yangi usullarini ishlab chiqish, yangi samarali asbob-uskunalar va texnologiyalarni yaratish, energiyani taqsimlashni markazlashtirish va boshqalar orqali ifodalanadi. Energetika fani tabiiy energiya resurslarining potentsial energiyasini xalq xo’jaligida foydalanishga yaroqli va foydali energiya turlariga aylantirish hamda shu bilan bog’liq ilmiy-texnik muammolarni hal qilish masalalari bilan shug’ullanadi. Energetikaning taraqqiyoti ko’p jihatdan mamlakat energiya rusurslari bilan qanchalik ta’minlanganligiga chambarchas bog’liq. Ko’mir, neft, tabiiy gaz, torf, o’tin, slanes, suv, elektr va yadro energiyasi, shamol va quyosh energiyasi Energetika resurslari hisoblanadi. Energetika resurslari yoqilg’i (ko’mir, neft, gaz, yadro, torf, slanes, o’tin) va yoqilg’i bo’lmagan vositalar (suv, shamol, quyosh energiyasi va boshqalar) ga bo’linadi. Yoqilg’i bilan bog’liq Energetika resurslari tiklanmaydigan, yoqilg’i bilan bog’liq bo’lmaganlari esa tiklanadigan resurslar hisoblanadi. Jahon miqyosida turli yoqilg’i Energetika resurslari miqdorini taqqoslash uchun shartli yoqilg’i birligi (1 kilogramm yoqilg’i yonganda 7000 kkal issiqlik ajralishi) qabul qilingan. Jahondagi barcha yoqilg’i resurslarining (yadro energiyasidan tashqari) potentsial zaxiralari 25000 milliard tonna shartli yoqilg’iga teng. Uning 95% i yoqilg’ining qattiq turlariga to’g’ri keladi. Yadro energiyasining asosiy manbai bo’lgan uran va toriyning zaxiralari dunyo okeani suvlaridagi zaxiralar bilan birga 69000 milliard tonna shartli yoqilg’iga teng. Eng ko’p ishlatiladigan Energetikaning tabiiy resurslari (ko’mir, neft, gaz) jahon mamlakatlari bo’yicha notekis taqsimlangan. Shu jihatdan O’zbekistonning Energetika resurslarini hisobga olsak, mamlakat Energetikasi xalq xo’jaligining baza sohasi hisoblanadi. O’zbekiston Energetika tizimi xalq xo’jaligi va aholining yoqilg’i (ko’mir, gaz, neft), elektr energiyasiga bo’lgan ehtiyojini to’liq qondiradi va eksport ham qilinadi. O’zbekistonda 20 issiqlik elektr stantsiyalari, 27 gidroelektr stantsiya (GES) ishlab turibdi. Bularning umumiy o’rnatilgan quvvati 11,5 million kVtsoat (yiliga 55 milliard kVtsoat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega), transformatorlarning umumiy quvvati 44850 MVA, elektr tarmoqlarining umumiy uzunligi 232 ming kilometr, shu jumladan, yuqori quvvatli (500 kv li)lari 1660 kilometrni tashkil qiladi (2005). Energetika xalq xo’jaligining muhim tarmog’i sifatida gidroenergetika va issiqlik energetikasiga ajraladi. Gidroenergetika — Energetikaning suv resurslari energiyasidan foydalanishga doir bo’limi. Suv resurslari energiyasidan foydalanish uchun suv oqimi maxsus qurilgan inshootlar va jihozlar majmui — gidroelektr stansiyalar (GES) yordamida elektr energiyasiga aylantiriladi. O’zbekiston Respublikasi «O’zbekenergo» davlat aktsiyadorlik kompaniyasi tizimida 26 GES ni birlashtirgan 7 ta GES kaskadlari hamda Farhod GES bor. Eng yirik GES lar: Chorvoq GES (quvvati 620,5 MVt), Xo’jakent GES (165 MVt), Farhod GES (126 MVt), G’azalkent GES (120 MVt). O’zbekiston Energetika tizimidagi barcha GES larning umumiy belgilangan quvvati 1419 MVt. Mamlakat gidroenergetikasining istiqboldagi taraqqiyoti, asosan. kichik suv havzalari gidroresurslaridan foydalanish bilan bog’liq. Issiqlik Energetikasi — Energetikaning issiqlikni issiqlik dvigatellari va boshqalar yordamida boshqa energiya turlari (mexanik energiya, elektr energiyasi) ga aylantirib beruvchi issiqlik texnikasi bo’limi. Issiqlik Energetikasida asosiy issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona issiqlik elektr stansiyalari (IES) hamda Davlat issiqlik elektr stansiyasi (DIES) hisoblanadi. Yirik DIES lar: Sirdaryo DIES (3000 MVt), Toshkent DIES (1850 MVt), Tolimarjon DIES (loyiha bo’yicha 3200 MVt). O’zbekistonning issiqtik elektr st-yalari respublikada ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 85% ini tashkil qiladi. O’zbekistonning yoqilg’i balansida gaz va ko’mirning salmog’i katta, «Ko’mir» aktsiyadorlik jamiyati ham «O’zbekenergo» tarkibiga kiradi. Fanda Energetika muammolari bilan shug’ullanishda izchil ilmiy tadqiqot ishlariga asoslangan holda Energetika taraqqiyotining qonuniyatlari, tabiiy an’analari va optimal echimlari o’rganiladi, Energetikani optimal boshqarishning asoslari shakllantiriladi, Energetikaning kompleks muammolari, shu jumladan, uning atrof muhitga ta’siri, ya’ni ekologiya masalalari, Energetikaga doir fan va texnika taraqqiyoti masalalari va boshqalar hal qilinadi. O’zbekistonda Energetika fanlarining rivojlanishi 20-asr 30-yillari oxiri va 40-yillariga to’g’ri keladi. Energetikaga doir ilmiy tadqiqot ishlari Energetikaning ustuvor kompleks masalalarini va amaliy muammolarini hal qilishga qaratildi. Elektr energiyasini uzoq masofaga uzatish bilan bog’liq masala — o’zgaruvchan tokni o’zgarmas tokka aylantirish nazariyasi, asinxron va sinxron mashinalarning magnit oqimlari o’z-o’zidan uyg’onishini ta’minlashni hisoblash usullari, elektron qurilmalaridagi shikastlanishning murakkab turlari nazariyasini rivojlantirish kabi ustuvor masalalar bilan shug’ullanildi, gidroelektr stansiyalari quvvatini samarali taqsimlashni hal qilishga doir ishlar bajarildi. 40-yillar oxiri va 50-yillarda ilmiy tadqiqot ishlari elektr stansiyalari, elektr tizimi va jihozlari ishini yaxshilash, puxtaligini oshirish, samaradorligini ko’tarishga qaratildi (N. N. Shchedrin, H. F. Fozilov), elektr tizimlarini hisoblashning ixcham nazariyasi va usullari yaratildi (H. F. Fozilov, K. R. Allaev, T, X. Nosirov va boshqalar). Elektr tizimlari rejimini ifodalaydigan katta o’lchamli chiziqlimas tenglamalarni yechish (S. S. Solihov), yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalaridan kichik quvvatlarni olish sxemalarini yaratish, hisoblash nazariyasi va usullarini ishlab chiqish (N. R.G’anixo’jayev) masalalari tadqiq qilindi. O’zbekiston energetikasi rivoji uchun tabiiy iqlim sharoitlaridan oqilona foydalanish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, xususan, quyosh energiyasi, shamol kuchi, yer osti suvlari harorati va kichik gidroelektrostyalardan foydalanish masalalari borasida keng tadqiqot ishlari olib borildi (G. A. Grinevich, R. A. Zohidov). Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va telemexanizatsiyalash hamda energetika tizimlarida o’lchash texnikasi, o’lchash aniqligi, puxtaligi va samaradorligini oshirish kabi ilmiy natijalarga erishishda muhim tadqiqotlar amalga oshirildi (akademik J. Abdullayev). Issiqlik Energetikasi va issiklik texnikasi sohasida yoqilg’idan foydalanishning yangi texnologiyasi va issiqlik energiyasidan samarali foydalanish kabi muhim tadqiqot ishlariga ahamiyat kuchaytirildi (R. A. Zohidov, S. Q. Ismatxo’jayev). Sanoatning bir qancha sohalarida energotejamkorlik, energiyadan oqilona foydalanish, GES lar jihozlarini diagnostika qilish, mashina yordamida sug’oriladigan nasos stansiyalari uchun yangi elektr yuritmalar yaratish (T. S. Kamolov), O’zbekiston elektr korxonalarining normal ishlashini EHM yordamida hisoblash (E. Payziyev), elektrofizikaning fiziktexnik muammolari bo’yicha bir qancha ilmiy natijalarga erishildi. O’zbek olimlari tomonidan avtomatlashtirilgan elektr yuritmalarining yangi avlodi yaratildi. Yarim o’tkazgichli elementlar asosida invertorlarning bir qancha sxemalari taklif etilib, ularni chastotasiga ko’ra boshqariluvchi asinxron, bir fazali kondensatorli asinxron va sinxron motorli aylanish tezligini o’zgartirishga qo’llashlik muammolari ishlab chiqildi (M. Z. Homidxonov, S. 3. Usmonov, N. M. Usmonxo’jaev, A. A. Xoshimov, K. Mo’minov). Bu yo’nalishda olib borilgan ishlarning biri — bu yangi printsipda ishlaydigan maxsus elektr mashinalari — ko’p rotorli asinxron motorlarining yaratilishi bo’ldi (A. Dadajonov, Z. Sh. Isamuhamedov). Elektromagnitli val printsipi taklif etildi va ishlab chiqildi. Bu bir-biriga mexanik ravishda bog’lanmagan bir necha mexanizmlarning aylanish tezliklarini o’zaro muvofiqlashtirishni ta’minlovchi elektromagnitli qurilmadir (N. M. Usmonxo’jayev). Sanoat va qurilishda keng qo’llaniladigan titrama g’alvirlar uchun elektr yuritmalarining yangi turlari yaratilib, ishlab chiqarishga joriy etildi (N. X. Bozorov). Ikki motorli elektr yuritmalar, shuningdek, qutblari keng o’zgarishga ega bo’lgan asinxron motorlari nazariyalari yaratildi (X. G. Karimov). Elektr zanjirlari va tizimlarining chizikli bo’lmagan nazariyasi va hisobiy usullariga doir hamda avtomatika va hisoblash texnikasi elementlarini ishlab chiqish bo’yicha maktab yaratildi (G’. R. Rahimov). Parametrik zanjirlar va tizim (Z. I. Ismoilov), boshqarish elementlari va texnika vositalari (P. F. Hasanov), avtoparametrik tebranishlar zashkirlarida o’zgaruvchan tok fazalar soni va chastotasini o’zgartirish (A. S. Karimov) nazariyalari yaratildi. Energetika tizimlarining samaradorligini oshirish, quvvatni tejash va ekologik sof energetikaning dolzarb muammolari bo’yicha fundamental tadqiqotlar olib boriladi. Yangi energiya manbalarini topish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari samaradorligini oshirish hamda ularni energiya tizimida qo’llanish ko’lamini kengaytirish istiqbolli masalalardir. O’zbekiston Respublikasida Energetika masalalari bilan, asosan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi energetika va avtomatika institutida., O’zbekiston milliy universitetida, Toshkent texnika universitetida, soha bo’yicha ilmiy tadqiqot institutlarida shug’ullaniladi. Respublikada Energetika fani taraqqiyoti G’. Rahimov, H. Fozilov, M. Homidxonov va boshqalar olimlar nomi bilan bog’liq. Ergash Shoismatov, Romen Zohidov.