Fauna vakillarining ayrimlari qanday tanishadilar va oila quradilar?

Aksariyat hayvonlar hid tovush signallari yoki o’z «kiyimlaridagi» ayricha tafsilotlar orqali taniqlik belgilariga ega. Juftlashish davrida mana shu «shaxsiy guvohnoma» bozorga qo’yilgan mol singari ko’z-ko’z qilinadi. Jonivorlar tanitish belgilari sifatida o’zlarining o’ziga xos, jimjimador holatlarini safarbar etadilar. Zoryankalar qiziltob ko’kragini oldinga chiqaradilar, kolyushkalar modasi pushtitob qorinchasini, kaltakesak-skoloporus ko’k bo’ynini, akvariumda o’sadigan gemixromis baliqlari boshidagi yorqin xollarini namoyish etadilar. Tanitish alomatlarini o’qish shart emas: ular irsiyat mexanizmida programmalashtirilgan. Tanishish tashabbuskorlari nari ham, makiyoni ham bo’lishi mumkin. Kumush chaykalarning tashabbusi makiyonidan chiqadi. Makyoni gala orasidan munosib sherikni aniqlab olgach, unga yaqinlashadi, bo’ynini cho’zib va qadamlarini ildamlatib, bir muddat ko’ngil qushining atrofida yuradi. Bu makiyonning tanituv belgisidir. Agar xushtorlik munosib topilsa, nari o’z raqiblariga tashlanib, quvadi va makiyoni ortidan ergashadi. Erishilgan muvaffaqiyatga ishonch hosil qilingach, kelin oziq so’ray boshlaydi, kuyov kekirib, uni yarimi singgan baliq bilan ovqatlantiradi. Ovqatlantirish — bu ahdlashuv marosimidir, u tamom bo’lgach, kelin-kuyov uya qurgani yo’l oladi. Juftlashish o’yinlari davrida bir-birini o’zaro ovqatlantirish qushlar o’rtasida keng tarqalgan. Buning nimani anglatishi: o’ziga xos sep-sidirg’ami, nikoh uzugi yoki siylov to’gri ekanligiga sheriklarning bir-birini ishontiruvchi o’ziga xos tanituvimi, bilish qiyin. Suvaraklarga shunga o’xshash tasdiqni qanotlari ustidagi bez sekretlari beradi. Xushtorlik vaqtida erkagi ularni ko’taradi, urg’ochisi esa sekretni yalab-chayqaydi. Kapalak erkagi modasiga panjalarini uzatadi. Uning tukli, tirnoqlar bilan qoplangan oyoqlarida modasini jalb etadigan modda joylashgan. Makiyoni ularni sindirib tashlaydi, undan ajralib chiqayotgan suyuqlik tomchilarini sinovdan o’tkazgach, juftlashishga rizolik beradi. Ayrim hollarda boshqa narsalar ham tanituv belgisi bo’lib xizmat qiladi. Afrikada yashaydigan estrildin qushchasi uchun bunday alomat shoxcha bo’ladi, sheriklar qaysi jinsdan bo’lishidan qat’i nazar, uni sherigiga topshiradi. Krachkalar narining juftlashishi ko’ngilxushiga olib kelib bergan baliqdan keyin boshlanadi. Hatto o’rgimchak va hasharotlar ham o’z ma’shuhalariga mana shu taxlit sovg’alar qilishadi. Qorabuzov juftlashganidan keyin darrov bir bog’lam maysa yok shoxchalar olib kelib tortiq qiladi, bu ko’ngil yorining endi uy ishlari—uya qurish bilan shug’ullanishiga ishoradir.