FEDERATSIYA

FEDERATSIYA (lot. foederatio birlashma, uyushma) — 1) davlat tuzilishi shakli; yuridik jihatdan muayyan siyosiy mustaqilligi bo’lgan davlat tuzilmalaridan tashkil topgan murakkab (uyushma) davlat. Federativ davlatni tashkil etuvchi davlat tuzilmalari (shtatlar, o’lka, kontonlar) Federatsiya subyektlari hisoblanadi va o’z ma’muriyhududiy bo’linishlari bo’ladi. Federatsiyada yagona konstitutsiya, yagona ittifoq (federal) davlat hokimiyati organlari bo’ladi, yagona fuqarolik, pul birligi va shu kabilar amal qiladi. Unitar davlatdan farqli ravishda Federatsiya hokimiyat oliy organlarining 2 tizimiga federal organlar va Federatsiya a‘zolarining tegishli organlariga ega bo’ladi. Federal organlar mamlakatning hamma hududida o’z vakolat va vazifalarini amalga oshiradi. Federatsiyani tashkil etuvchi davlat tuzilmalari tom ma’noda davlat hisoblanmaydi. Ular suverenitetga, ittifoqdan bir tomonlama chiqish huquqiga ega bo’lmaydi, yuridik jihatdan xalqaro munosabatlarda qatnashish huquqidan mahrum. Ittifoq konstitutsiya yoki qonunlari buzilgan taqdirda markaziy hokimiyat Federatsiya subyektiga nisbatan majburlash choralarini ko’rish huquqiga ega. Federatsiyaning eng zarur belgilaridan biri federal parlamentning 2 palatali tuzilmasidir. Odatda, Federatsiya a‘zolarining o’z mustaqil konstitutsiyasi bo’ladi. Milliy (til) omilning ahamiyatiga qarab Federatsiya tuzilishini belgilashda hududiy asosdagi Federatsiya (AQSH, Avstraliya, Avstriya, GFR, Argentina, Venesuela, Braziliya, Meksika), milliy asosdagi Federatsiya (Hindiston, Belgiya, Nigeriya, Pokiston) va aralash milliy-hududiy asosdagi Federatsiya (Rossiya Federatsiyasi, Shveytsariya, Kanada) farqlanadi. Jahonda 21 ta federativ davlat bor 2) xalqaro yoki milliy jamoat tashkiloti (masalan, Xalqaro shaxmat Federatsiyasi).