FERMER XO’JALIGI
FERMER XO’JALIGI — xususiy yoki uzoq muddatga ijaraga olingan yerda qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtirish bilan shug’ullanadigan xo’jalik. Fermer xo’jaligining ijtimoiy-iqtisodiy mazmuni va faoliyat ko’rsatish tartibi turli mamlakatlarda turlicha bo’lib, qishloq xo’jalik ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanish darajasi va xususiyatlari, shuningdek, mehnatdan va yerdan foydalanish sharoitlari, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini industrlash va ixtisoslashtirish darajasi, kapital hajmi va shu kabi omillar bilan belgilanadi. Ilk va mukammal shakldagi Fermer xo’jaligilari AQSH, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiyada mustamlakachilik siyosati va bo’sh yotgan hamda yerli aholiga tegishli yerlarda koloniyalar tashkil qilish natijasida paydo bo’ldi. G’arbiy Yevropa davlatlarida kapitalizmning umumiy taraqqiyoti va pomeshchiklar xo’jaliklarining yirik kapitalistik korxonalarga ailanishi jaraenida yuzaga keldi. 20-asrning 20-30 yillari AQSh, Kanada, Bukj Britaniyada, 50-60-yillarda esa rivojlangan G’arbiy Yevropa mamlakatlarida qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi mashinalashgan bosqichga o’tdi, natijada fermerlar bu mamlakatlarda qishloq xo’jalik tovar mahsulotlarining asosiy ishlab chiqaruvchilariga aylandilar. Bu mamlakatlarda Fermer xo’jaligi yerlari xususiy mulk hisoblanadi yoki yer ijaraga olinadi. Fermer xo’jaligida barcha ishlab chiqarish vositalari va yetishtirilgan mahsulot Fermer xo’jaligi boshlig’i, ya’ni fermerning yoki uning a’zolari mulki hisoblanadi. Fermer xo’jaligida, asosan, fermer oila a’zolari, qarindosh-urug’lari va mavsumda yollanma ishchilar mehnat qiladi. O’zbekistonda dastlabki Fermer xo’jaligi O’zbekiston Respublikasining 1992 yil 3 iyulda qabul qilingan «dehqon xo’jaligi to’g’risida» qonuniga muvofiq, dehqon xo’jaligi shaklida tashkil etildi, dastlab yirik qishloq xo’jalik korxonalari tarkibidagi ichki Fermer xo’jaligilari va mustaqil yuridik shaxs sifatidagi Fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatdi. 90-yillarning oxirlaridan boshlab Fermer xo’jaligini tashkil etish va uning faoliyatiga doir huquqiy munosabatlar O’zbekiston Respublikasining «fermer xo’jaligi to’g’risida» qonuni (1998 yil 30 aprel; yangi tahrirda 2004 yil 26 avgust) bilan tartibga solinadi. O’zbekistonda Fermer xo’jaligilari erdan ijara asosida foydalanadilar va ularga yer maydonlari 50 yilga yoki 30 yildan kam bo’lmagan muddatga ijaraga beriladi. Ijaraga beriladigan yer maydonlarining eng kam o’lchami paxtachilik va g’allachilikda kamida 10 gektar, bog’dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlar yetishtirish uchun kamida 1 gektar qilib belgilangan. Chorvachilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan Fermer xo’jaligida kamida 30 shartli bosh chorva moli bo’lishi lozim. Bunday xo’jaliklarda bir shartli bosh chorva moli hisobiga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o’lchami Andijon, Namangan, Samarqand. Toshkent, Farg’ona va Xorazm viloyatlaridagi sug’oriladigan erlarda 0,3 gektar, Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlardagi sug’oriladigan yerlarda 0,45 gektar, sug’orilmaydigan (lalmikor) yerlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi. O’zbekistonda Fermer xo’jaligilari soni 87,6 mingtani, ularga birkitilgan yer maydoni 2148,1 ming gektarni, bitta Fermer xo’jaligining o’rtacha yer maydoni 24,5 gektarni, Fermer xo’jaligida band bo’lganlar soni 603 ming kishini, shu jumladan, yollanma ishchi kuchi 52,4 ming kishini tashkil qildi (2004 yil 1 yanvar). Rasulmat Husanov.