FILIPPIN TILLARI

FILIPPIN TILLARI – avstronez tillarinit malaypolinez tarmog’iga mansub g’arbiy guruh tillari; an’anaviy tarzda indonez tillari tarkibiga kiritiladi. Filippin tillari ning umumiy miqdori 100 dan ortiq bo’lib, ular Filippin arxipelagidagi odam yashaydigan 800 ta orolda tarqalgan (filippinliklarning 90% i mamlakatning 95% maydonini tashkil etuvchi 11 ta yirik orolda yashaydi). Keng tarqalgan 6 ta Filippin tillarida (bisay, tagal, iloki, bikol, pampangan, Pangasinan) 60 milliondan ortiq kishi so’zlashadi (o’tgan asrning 90-yillari). Yuqoridagilardan tagal tili ingliz tili bilan birga Filippin Respublikasining davlat tili hisoblanadi. Filippin tillari tasniflari ibtidoiy xususiyatga ega bo’lib, bu tasniflar sof lingvistik bo’lmay, etnolingvistik yoki geolingvistik tasniflardir. Masalan, amerikalik F. Bleyk 20-asr boshlarida Filippin tillarini Janubiy va shimoliy guruhlarga bo’lgan; ingliz olimi R. Rayt va filippinlik G. O. Beyerlar esa ularni «xristian», «musulmon» va «majusiy» (butparast) tillarga ajratgan; amerikalik X. Konklin Filippin tillarini 75 «asosiy lingvistik guruxlar»ga birlashtiradi; filippinlik S. Lopes shimoliy, Markaziy (bisay) va Janub tillarni ajratadi va boshqalar. Ispaniyalik G. S. Xili va amerikalik K. Makfarlandlarning tasniflari ancha mukammal bo’lsada, ularning birinchisi — etnolingvistik, ikkinchisi geolingvistik xususiyatga ega. Filippin tillari fonetik tizimida o’rtacha 5 unli va 16 undosh tovush, jumladan, portlovchi bo’g’iz undoshi mavjud; asosan ochiq bo’g’in uchraydi. Bosh urg’u oxirgi yoki undan oldingi bo’g’inga tushadi. Morfologik jihatdan Filippin tillari agglyutinativ tillarga mansub. Affikslar, asosan, ko’p ma’noli bo’lib, ularning soni bir necha yuzga etadi. Ikki bo’g’inli o’zak morfemalar va bir o’zakli affiksal morfemalar ko’pchilikni tashkil etadi. Gapdagi so’z tartibi uncha barqaror emas, lekin kesimning ran boshida kelishi ustunlik qiladi. So’z yasalishida affiksatsiya, so’z takrori, so’z qo’shish hamda urg’uning o’rin o’zgartirishi kabi usullar qo’llanadi. Leksikada asl avstronez, indonez qatlamidan tashqari o’zlashma so’zlar ham (masalan, tagal tilida sanskrit, Xitoy, Arab, ispan, ingliz tillaridan kirgan so’zlar) anchagina. Filippin tillari Ispaniya istilosigacha qadimgi hind yozuvi brahmi asosida yaratilgan bo’g’inli yozuvdan foydalangan (unlilar uchun 3 ta, undoshlar uchun 14 ta belgiharf bo’lib, boshqa tovushlar diakritik va boshqa belgilar bilan ifodalangan), 17-asrdan bu yozuv ispanlashgan lotin grafikasi bilan almashtirilgan. Mindanao va sudu orollaridagi musulmon aholi Arab yozuvidan ham foydalanadi. 20-asrning 80-yillarida Filippin tillaridan faqat 14-15 tasigina o’z yozuviga ega bo’lgan edi, qolganlari yozuvga ega emas.