FINIKIY TILI

FINIKIY TILI — som tillarining xanaan guruhchasiga mansub va miloddan avvalgi 2—1-ming yillik — milodiy 1-ming yillikda Finikiyada hamda O’rta dengiz sohillaridagi finikiy mustamlaka manzilgohlari (Kipr, Sisiliya, Sardiniya, Messaliya, Ispaniya, Shimoliy Afrika)da tarqalgan (keyinchalik o’lik) til. Finikiy tili Finikiyaning o’zida milodiy 2-asrda iste’moldan chiqqan; shimoliy Afrikada esa so’nggi davr Finikiy tili (yangi Puna tili) arablar istilosi davri (8-asr)gacha saqlanib qolgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalaridan milodiy 2-asrgacha (Finikiya) va milodiy 3-4-asrlargacha (O’rta dengizning garbi) bo’lgan davrga mansub yozma yodgorliklar orqali ma’lum; dialektal jihatdan shimoliy finikiy, Janubiy finikiy, Kipr, Puna lahjalariga bo’linadi. Finikiy tilining morfologiyasi va leksikasi boshqa som tillariniki, xususan, ivritnikiga o’xshash. Finikiy tili fonetikasining u mansub bo’lgan guruhchadagi boshqa tillardagidan o’ziga xos tomonlari bor. Umumsomiy 28 undoshdan, grafikasiga ko’ra, 22 tasi saqlanib qolgan. Vokalizm (unlilar) sohasida ham anchagina farqlar bo’lgan.