FLISH

FLISH (nemischa fliessen — oqmoq) — dengiz cho’kindi tog’jinslarining qalin qatlami (seriyasi), qalinligi 1000 metrgacha bo’lgan geologik yotqiziq. Asosan, chaqiq jinslardan iborat. Dengizning muayyan chuqur joylarida bir turdagi ohaktosh, qumtosh, gil, mergel kabi cho’kindi jinslarning o’zaro takrorlanishidan hosil bo’ladi. Flish bir qancha kichik (bir necha santimetrdan bir necha ditsimetrgacha) tsikllar (tsiklotema, tsiklosoma, qavatlar)dan tuziladi. Tsiklosomalar 2— 4 qavat, yoki elementlardan iborat bo’lib, pastki qismi donador jinslar (qumtosh, alevrolit, chaqiq ohaktoshlar)dan, yuqorisi esa, pelitlardan tarkib topgan bo’ladi. Flish uchun shakli ham paydo bo’lishi turlicha gierogliflar xosdir. Flishning shaklliligi (ritmliligi) cho’kindi hosil bo’lish xususiyati — asosan, loyqali oqimning takrorlanish davrlariga bog’liq. Flish tipik geosinklinal formasiya (geogenerasiya) bo’lib, evgeosinklinal yoki miogeosinklinal orogen oldi rivojlanishiga xos. Flish mikrofaunaga kambag’al, ba’zan plankton mikroorganizmlar chig’anoqlari (foraminifera, radiolyariylar)ga boy, yuqori qismida bentos foraminiferalari ko’p. Eng tipik Flish geosinklinal rivojlanishning o’rta bosqichida tarkib topadi. Flish bilan neft va mineral suvlar bog’liq bo’ladi. Flish proterozoy, paleozoy (Ural), mezozoy (Karpat) yotqiziqlarida ko’p uchraydi; O’zbekistonda Janubiy Farg’ona (Krrachatir), Bo’kantov atroflarida bor.