FOZILTEPA

FOZILTEPA, Qang’li qo’rg’on — ilk o’rta asrlarga oid arxeologik yodgorlik (5-asr oxiri — 12-asr). Toshkentning Janubi g’arbida, Izzasoy vodiysida joylashgan. U qozoqqang’lilarning kuzatuv joyi bo’lgan, degan taxminlar bor. Aslida ilk o’rta asrlardagi badavlat dehqon qasrko’shki xarobasi. Ya.G’.G’ulomov rahbarligidagi Toshkent arxeologiya otryadi tomonidan tekshirilgan (1967— 68). Foziltepaning saqlanib qolgan balandligi 20 metrga yaqin, uning shimoli sharqida qishloq bo’lib, uning izlari 250 metrgacha masofada qayd etilgan. Tepalik maydoni 41×35 metr. Foziltepada o’tkazilgan stratigrafik tadqiqotlar ilk o’rta asrlarda hayot 2 bosqichda davom etganligini kursatdi: 1) xo’jalik chiqindilari to’plangan qatlam va paxsa devor qurilgan davri (5-asr oxiri — 7-asr boshi); 2) paxsa supa ustiga qurilgan mustahkam bino (qasrkushk) mavjud bo’lgan davr (7-asrning 2-yarmi — 8-asr). Foziltepada yashagan ilk odamlar so’nggi Qovunchi madaniyatiga mansub bo’lganlari, shubhasiz. Foziltepa etagida olib borilgan qazishmalar natijasida tepalik atrofida paydo bo’lgan qishloqning yoshi aniqlangan. Tadqiqotlarga ko’ra, qishloq nisbatan tekis erda (har 2 yerdagi materik qatlam orasidagi farq 0,3 metrdan oshmaydi) vujudga kelgan. Qishloq ancha katta hududni qamrab olgan, 6-asrning 2-yarmida uning xarobalarining bir qismida qasr yoki Ark binosi bunyod etilgan. Foziltepadan sirlanmagan sopol idishlar: xumlar, xumchalar, dastali ko’zalar, kichik ko’zachalar (6-7-asr) topilgan. Ad.: Drevniy Tashkent, T., 1973.