FUQAROLARNING O’ZINI O’ZI BOSHQARISH ORGANLARI

FUQAROLARNING O’ZINI O’ZI BOSHQARISH ORGANLARI — fuqarolarning xalq hokimiyatini bevosita amalga oshirishi, davlat va jamiyat ishlarida to’g’ridan-to’g’ri ishtirok etishi vositalaridan biri. Asosiy vazifasi fuqarolarni mahalliy ahamiyatga bog’liq masalalarni hal qilishda mustaqil faoliyat olib borishini ta‘minlashdir. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (105-modda) va «Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari to’g’risida» (yangi tahriri) O’zbekiston Respublikasining qonunida Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari huquqiy holati ko’rsatib o’tilgan. Ushbu qonunga ko’ra, Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari quyidagilardir: shaharcha, qishloq, ovul fuqarolarining, shuningdek, shahar, shaharcha, qishloq va ovuldagi mahalla fuqarolarining yig’ini; fuqarolar yig’inining kengashi; fuqarolar yig’ini faoliyatining asosiy yo’nalishlari bo’yicha komissiyalar; fuqarolar yig’inining taftish komissiyasi; tuman markazidan olisda joylashgan va borish qiyin bo’lgan shaharchalar, qishloqlar va ovullarda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda tuziladigan ma’muriy komissiya. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi. Fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari yuridik shaxs huquqlaridan foydalanadi, namunadagi muhrga ega bo’ladi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida ro’yxatga olinishi kerak.