«G’ALLABANK»

«G’ALLABANK» — O’zbekistondagi yirik aktsiyadorlik tijorat banki. 1994 yil avgustda tashkil etilgan. Boshqaruvi Toshkent shahrida. Bankning asosiy yirik aktsiyadorlari: «O’zdonmahsulot» aktsiyadorlik kompaniyasi (32,5%), O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (25,0%), O’zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (12,5%), «Paxtabank» (12,5%), shuningdek, don mahsulotlari hududiy (viloyat) aktsiyadorlik jamiyatlari, sanoat korxonalari va boshqalar. Aktsiyadorlari soni 5263 ta, ulardan 3 mingdan ortig’i jismoniy shaxslar. Qoraqalpog’iston Respublikasi va barcha viloyatlarda 13 mintaqaviy (viloyat) filiali, 18 ta tuman filiallari va 68 ta mini banki, 141 ta jamg’arma shoxobchalari mavjud (2005). Bank faoliyatining asosiy yo’nalishlari — g’alla va boshoqli don mahsulotlari yetishtiruvchi xo’jalik sub’yektlariga, un va non sanoati korxonalariga bank xizmatlari ko’rsatish, shu tarmoqlarga chet el investisiyalarini, ilg’or texnologiyalarini jalb qilish, mamlakat don va un mahsulotlari eksportini rivojlantirishga, respublikaning g’alla mustaqilligiga erishishiga yordam ko’rsatish va boshqalardan iborat. Bank 1994 yil noyabrdan boshlab chet el valyutasida bank amaliyotlarini amalga oshirish huquqini beruvchi Litsenziyaga ega, 1996 yildan qimmatli qog’ozlar bozorida ishtirok etadi. «Toshkent» fond birjasida o’z brokerlik idorasini ochgan. 1999 yildan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo’jalik mahsulotlari hisob-kitob jamg’armasining moliyaviy agenti sifatida faoliyat olib boradi. Loyihalarni moliyaviy ta’minlash va korporativ mijozlar bilan birga chakana mijozlarga ham barcha bank xizmatlarini ko’rsatadigan universal tijorat banki hisoblanadi. Aholiga valyuta ayirboshlash sohasida xizmat ko’rsatish bo’yicha 70 ta shoxobchaga ega (shundan 20 tasi Toshkent shahrida). Bank xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining «qishloq xo’jaligi korxonalarini qo’llab-quvvatlash» loyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etadi. Bank dehqon va fermer xo’jaliklariga minitexnologiyalar olish uchun moliyaviy lizing xizmatlari, xalqaro moliyaviy tashkilotlarning kredit liniyalari hisobidan kreditlar ajratish, eksportbop yoki import o’rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo’yicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va boshqa yo’nalishlarda ham xizmatlar ko’rsatadi. 2005 yilda turli mulkchilik shakllaridagi 58,0 mingdan ortiq mijozlarga xizmat ko’rsatdi (2001 yilda 23927 ta mijozga xizmat ko’rsatgan). Bankning (million so’m) ustav kapitali – 4958,1 (1994 yilda 8,0 million so’m bo’lgan); jami aktivlari — 100918,9; jami kapitali — 16258,2; jami kredit qo’yilmalari — 56111,5; kichik va o’rta biznesni rivojlantirishga ajratilgan kreditlar — 6225,4; sof foyda (balans bo’yicha) — 2616,5 (2005, 1 yanvar). Ikromjon O’rinboyev.