G’ILDIRAK
G’ILDIRAK — mashina va mexanizmlarning aylanma harakatni uzatish yoki boshqa harakatga o’zgartirib berish uchun xizmat qiladigan detali. Gupchakka o’rnatilgan disk yoki spitsali chambarak shakliga ega. G’ildirak mashina yoki mexanizm o’qida erkin aylanishi eki unga mahkamlab o’rnatib qo’yilishi (o’q bilan birga aylanishi) mumkin. G’ildirak insoniyatning ilk kashfiyotlaridan biri. U taxminan miloddan avvalgi 4 minginchi yillar o’rtalaridan oldin ma’lum (Mesopotamiya). Suriladigan yuk ostiga qo’yiladigan yog’och g’altakmolani ilk G’ildirak deb hisoblash mumkin. Dastlabki G’ildirak to’g’ridan-to’g’ri o’qqa o’rnatilgan diskdan iboratbo’lgan. Miloddan avvalgi 2 minginchi yillarga kelib G’ildirak ancha takomillashdi: avval spisali, keyinchalik gupchakli va qayrilma gardishli G’ildiraklar yaratildi, keyinchalik G’ildirak mustahkamligini oshirish maqsadida temirdan yasalgan gardishlar qo’llana boshlandi. Dastlab, G’ildirak faqat pishiq yog’ochdan yasalgan va, asosan, arava, charxpalak; zambilg’altak uchun ishlatilgan. O’zbekiston hududida Oltintepa qadimgi shahar harobasidan topilgan 4 G’ildirakli (tegarchikli) sopol aravaning miloddan avvalgi 4-2-asrlarga oidligi aniqlangan. texnika rivojlanib, avtomobil, velosiped va parovoz paydo bo’lgach, shinali va temir G’ildiraklar ishlatila boshladi. G’ildirak faqat transport vositalarining ham tayanchi, ham harakatlantirish vositasigina bo’lib qolmay, balki kulolchilikda, tegirmonlar, turbinalar, stanoklar va boshqalarda harakatni bir turdan ikkinchi turga aylantirish yoki tezligini o’zgartirish uchun ham qo’llanadi.