G’UBDINTOG’
G’UBDINTOG’, Habduntog’ – Janubiy Nurota tog’laridagi (Samarqand viloyati) tizma. Shimolda Qo’ytosh botig’i orqali Nurota tizmasidan ajralib turadi, Janubda Zarafshon vodiysi bilan chegaralangan. G’arbdan sharqqa 30 kilometrga cho’zilgan. O’rtacha balandligi 700-1000 metr. Eng baland joyi 1672 metr. Yon bag’irlari soy, quruq o’zan va jarliklar bilan kesilgan. G’ubdintog’ Paleozoy davri slanes, qumtosh, ohaktoshlaridan tashkil topgan antiklinal strukturadir. Iqlimi kontinental, quruq, qishi nisbatan sovuq, yozi issiq. Yillik yog’in 500 millimetrgacha. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2°, iyulniki 20-25°. G’ubdintog’ning yon bag’irlarida tipik va to’q bo’z, suvayirg’ich qismida chymli, jigarrang tuproqlar tarqalgan. Dashtga xos turli o’t o’simliklari va soylar bo’yida butalar o’sadi. Tog’ etaklari va yon bag’irlarining quyi qismlari bahorikor dehqonchilikda va yaylov sifatida foydalaniladi. G’ubdintog’ning Sharqiy qismida Marjonbuloq oltin koni bor.