Hamadoniy Yusuf Abu Ya’qub
Hamadoniy Yusuf Abu Ya’qub (1048, Hamadonning Buzanjird qishlog’i — 1141, Afg’onistonning Bomiyon shahri) — tasavvufning yirik namoyandasi, olim. Bag’dodda Abu Ishoq Sheroziydan tahsil olgan. Isfahon, Samarqand, Buxoroda bilimini oshirgan. Tasavvufni Abu Ali formadiy, Abdulloh Juvayniy va Hasan Simnoniydan o’rgangan. Zamonasining yetuk allomalari Abdulqodir Giloniy, G’azzoliy, Hamiduddin Multoniy bilan muloqotda bo’lgan. 30 marta haj ziyoratiga borgan. Hamadoniy Buxoroda uzoq muddat yashab, Ahmad Yassaviy va Abduxoliq G’ijduvoniy va boshqa yirik mashoyixlarga ustozlik qilgan. U keyinchalik Xojagon-Naqshbandiya tariqatining ayrim qoidalarini ishlab chiqqan. Xoja Abdulloh Barraqiy Xorazmiy, Xoja Hasan Andoqiy Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G’ijduvoniy Hamadoniydan so’ng uning xalifalari sifatida muridlarning tarbiyasi bilan shug’ullanganlar. «Rutbat ul-hayot» («hayot mezoni»), «kashf», «risola dar odobi tariqat», «risola dar axloq va munojot» kabi asarlar yozgan. «Hayot mezoni» risolasi o’zbek tilida nashr qilingan (Toshkent, 2003). Xoki Bomiyondan Marv shahriga olib kelinib, qayta dafn etilgan. Abduxoliq G’ijduvoniy, Farididdin Attor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlarida Hamadoniy haqida ma’lumotlar bor.