Hamroyev Ibrohim
Hamroyev Ibrohim (1916.25.12, Buxoro — 1999.17.1, Toshkent) — kompozitor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1975), O’zbekiston xalq artisti (1988). Toshkent konservatoriyasi (A.F. Kozlovskiy sinfi; 1945)ni tugatgan. 1939 yildan Toshkent konservatoriyasida pedagog (1977 yildan dotsent). Toshkent musiqa bilim yurti direktori (1950-57). Operalar («Oyjamol», 1969; «Cho’l chaqmog’i», 1973), musiqali-drama va komediyalar («shoirning orzusi», «Meli xobbonu Nabi tovon», «bir g’uncha ochilguncha»), vokal-simfonik asarlar («O’zbekiston xotin-qizlari» kantatasi va boshqalar), orkestr jo’rligida chang uchun, fortepiano jo’rligida rubob uchun kontsertlar, qo’shiqlar («tinglang meni, sayyoralar», «O’zbekistonim mening» va boshqalar), shuningdek, bolalar uchun musiqali spektakllar, xorlar muallifi. Musiqa o’quv yurtlari uchun darslik va metodik qo’llanmalar yozgan (2 qismli «Solfejio», T., 1971, 1978 va boshqalar). Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1959, 1970).