Harakatsizlik

Harakatsizlik — shaxsning normativ hujjatlarda bajarishi shart qilib belgilangan muayyan harakatlarni bajarmaslikda ifodalangan ijtimoiy xavfli, ongli va sust xulq-atvori. Muayyan tarzda harakat qilish lozimligi bir qator holatlarga ko’ra yuzaga kelishi mumkin. Shaxs bajarishi shart qilib belgilanadigan harakatlar avvalo bevosita qonun yoki qonun asosida chiqarilgan hujjatlarda ko’rsatiladi. Masalan, avtotransport vositasini boshqarayotgan shaxs yo’l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishi shart. Shartnoma bo’yicha qabul qilingan majburiyatlarni bajarmaslik ham jinoiy Harakatsizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Mansabdor shaxsning o’z xizmat vazifasi yuzasidan bajarishi shart va mumkin bo’lgan harakatlarni qasddan bajarmasligi fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko’p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo’lsa. tegishli jazo belgilanadi. O’zbekiston JKda bu xildagi jinoyatlar uchun jazo belgilangan (JK, 208, 301-moddalar).