Hasan Po’lat
Hasan Po’lat (Po’latov Hasan; 1911, Samara viloyati Barish tumani — 1942.7.9, Toshkent) — shoir. Dastlab Toshkent va Qo’qondagi maktablarda o’qigan. Namangandagi bolalar uyida tarbiyalangan va u maktab tahsilini Namanganda davom ettirgan. Botu 1929 yilda bolalar uyida tarbiyalanayotgan Hasan Po’latning mashq she’rlari bilan tanishib, uning 1930 yilda Samarqanddagi pedagogika institutiga kirib o’qishiga va dastlabki she’rlarining o’zi muharrirlik qilgan «alanga» jurnalida e’lon etilishiga ko’maklashgan. Hasan Po’latning «kunlar kulganda» (1931), «Zarbachi kun» (1932), «toza nafas» (1933) she’riy to’plamlari talabalik yillarida nashr etilgan. Hasan Po’lat, shuningdek, «Postda» (1934), «yurak sadosi» (1942) she’riy to’plamlari, «Polvon» (1934), «Qobil», «dongdor Paxtakor» (1936), «mehribonlar» (1939) dostonlari muallifi. Hasan Po’lat she’riy iste’dodi endigina barq ura boshlagan vaqtda fojiali ravishda halok bo’lgan. Vafotidan keyin «tanlangan she’rlar» (1950) va «tanlangan asarlar»i (1956) Oybekning so’zboshisi bilan nashr etilgan.