Hech narsa, hech nima

Hech narsa, hech nima — har qanday sifatning, muayyan ob’yektning va umuman bor bo’lgan narsalarning yo’qligini, mavjud emasligini ifodalovchi falsafiy tushuncha. U mavjudlik, borliq, nimadir degan tushunchalarning qarama-qarshisi. U — yo’qlikdir. Yo’qlik — Hech narsadir. Borliq tushunchasi nimaningdir mavjudligini ifodalasa, yo’qlik tushunchasi esa o’sha joyda nimaningdir mavjud emasligini anglatib, nimaning aksi bo’lgan Hech narsani ifodalaydi. Yo’qlik deb o’tmishdagi va kelajaqdagi hodisalarning hozirgi zamonda (aynan shu vaqtda) yo’q ekanligiga qo’llash mumkin. Bugungi hodisa kecha yo’q edi, ammo potentsial (imkoniyatdagi) borliq sifatida mavjud edi. Ertangi hodisa ham hozircha yo’qlik, ammo potentsial borliqdir. Biz o’tmishni bugungi kunda qoldirgan iziga qarab, kelajakni esa bugungi hodisalardagi o’zgarish sur’atiga va tendentsiyalariga qarab faraz qilamiz. Bugungi voqelik ertaga esa yo’qlikka aylanadi, bugun tirik bo’lgan ko’pgina jonivorlar ertaga o’lik bo’ladi. Mutlaq yo’qlikning o’zi yo’qdir. Hech narsani gnoseologik ma’noda ham tushunish mumkin. Biz yo’q deb hisoblagan ob’yektlar hozircha bizning fikr doiramizdan (bilish chegarasidan) chetda qolgan bo’lishi ham mumkin. O’tgan asrlarda elektromagnit maydonining, ko’pgina elementar zarralarning mavjudligi haqidagi tasavvurlar yo’q edi. Aniqrog’i, biz ularning mavjudligini bilmas edik. Ular biz uchun «yo’qlik» hisoblanar edi. Hech narsa tushunchasi haqida qadimdan mutafakkirlar fikr yuritib kelishadi. Demokrit harakat va o’zgarishlar bo’lishi uchun borliq (atomlar) va bo’shliq (Hech narsa) bo’lishi lozim, deb ta’kidlagan. Sofist Gorgiy Hech narsa borliqning teskari tomonidir deydi. Platon va Aristotel fikricha, Hech narsa o’z-o’zicha imkoniyat, passiv bog’liqlik bo’lib, bu sifatlar har bir konkret narsada mujassamlashgan bo’ladi. Plotin falsafasida Hech narsa, ya’ni yo’qlik yomonlik bilan aynanlashtiriladi. Sharq falsafasida, kalom ta’limotida, Forobiy va Ibn Sino asarlarida Hech narsa azaliy borliqsan tashqaridagi iroda sifatida talqin etiladi va u hamma narsaning ibtidosi va intihosidir deb ta’kidlanadi. Hayopg falsafasisa hamma balolar yo’qlikdan kelib chiqadi, deyiladi. Gegel «mantiq fani» asarida Hech narsa sof borliqning qarama-qarshisi, kategoriyalar harakatining dastlabki bosqichidir deb hisoblagan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlariga kelib an’anaviy metafizika ta’limotining susayishi tufayli Shopengauer, Nisshe, Bergson tomonidan Hech narsa ma’nosiz tushuncha sifatida falsafiy iste’moldan chiqarib tashlandi. Ammo, zamonaviy kosmologik kontsepsiyada hamma narsa o’sha Hech narsadan vujudga kelgan deyiladi. Shunday ekan, Hech narsa aslida hamma narsaning ibtidosi va intihosi, asosi va davomchisi, sababchisi va oqibati, yaratuvchisi va yo’qotuvchisidir. Ad.: Al-Farabi, Filosofskie traktati, Alma-ata, 1970;Turaev B.O., Soderjanie prostranstva i vremeni v proshlom i nastoyashem, v kn. Klassicheskaya Nauka Sredney Azii i sovremennaya mirovaya tsivilizasiya, T., 2000; Podolnny R., Hech nimaning o’zi nima?, T., 1987;To’raev B.O., Karimov B.R., Hozirgi zamon fanlarida imkoniyat muammolari, T., 1993.