Hijriy Ashrafxon
Hijriy Ashrafxon (1634, Peshovar viloyati Akuray qishlog’i — 1697, Hindiston) — afg’on-pushtu mumtoz adabiyotining taniqli vakillaridan. Xushholxon Xattakning o’g’li. 12 yoshidayoq otasi va amakilari bilan o’zaro qabilaviy urushlarda ishtirok etgan. Tasavvuf she’riyatini yaxshi bilgan. 1664 yil otasi Xushholxon xattak hibsga olingach, qabilasining mustaqilligi uchun janglarga boshchilik qilgan. Ammo Hijriy Ashrafxon 1683 yil Peshovarda sotqin ukasi Bayramxonning ko’rsatmasi bilan hisbga olingan va umrining oxirigacha asirlikda yashagan. Hijriy Ashrafxon «Hijriy», «Ruhiy», «Akram» taxalluslari bilan she’rlar yozgan. Asarlarini qamoqda yaratgan. Hijriy Ashrafxon she’rlari «Devoni hijriy»da to’plangan bo’lib, bu devon Peshovarda bir necha bor chop etilgan. Devon 2 daftardan iborat: 1 -daftarga shoirning pushtu tilidagi qasida, g’azal, ruboiy, qit’a va muxammaslari jamlangan. 2-laftardan esa shoirning fors-dariy tilida ijod qilgan she’rlari joy olgan. Shoir she’rlarida Xushholxon Xattakning bevosita ta’siri seziladi. Hijriy Ashrafxonning g’azallari va boshqa turdagi she’rlarida sufiyona ishq, majoziy timsollar, har xil ramziy istioralar ko’plab uchraydi. Lirikasida an’anaviy ishqi ilohiyning yo’nalishlari, ko’rinishlari ustun. Hijriy Ashrafxonning tasavvurida ilohiy ishkdan bo’lak haqiqiy ishq yo’q. Dunyoviy ishq mavzuidagi she’rlari ham bor.