Hissiyot

Hissiyot — shaxsning voqelikdagi narsa va hodisalarga, kishilarga hamda o’z-o’ziga bo’lgan munosabatlardan kelib chiqadigan kechinmalari. Shaxs tirik mavjudot bo’lishi bilan birga jamiyat a’zosi hamdir, shuningdek, yakka inson sifatida tevarak-atrofdagi narsa va hodisalarga munosabatini xolisona aks ettiradi. Inson munosabatlari uning miyasida his-tuyg’ular, emosional holatlar, yuksak ichki kechinmalar tarzida aks etishi Hissiyotni yuzaga keltiradi. Hissiyot tushunchasi kundalik turmushda va ilmiy manbalarda har xil ma’nolarda qo’llanadi. Kundalik turmushda Hissiyot tushunchasi o’rniga sezgilar, anglanmagan mayllar, xohishlar, tilaklar, talablar, maqsadlar atamalaridan foydalaniladi. Ilmiy manbalarda esa, shaxsning ehtiyojini qondiruvchi va unga monelik qiluvchi narsalarga, kishilarga nisbatan o’z munosabatini miyasida aks ettirish ma’nosida qo’llanadi. Hissiyot bilan emosiya bir xil ma’noda ishlatilish holatlari ham uchrab turadi. Kishi tana a’zolarida ranglarning o’zgarishi, lablarning titrashi, kulgi, yig’i, g’amginlik, ikkilanish va boshqa emotsiya ifodasi hisoblanib, vatanparvarlik, javobgarlik, mas’uliyat. vijdon, sevgi kabi yuksak xislatlarni emotsiya tarkibiga kiritish g’ayritabiiy hodisa hisoblanar edi. Ushbu hissiy kechinmalar o’zining mohiyati, kuch-quvvati, davomiyligi, ta’sirchanligi, yo’nalganligi bilan bir-biridan keskin farq qiladi. Shu bois ularning muhim farqi shundaki, birinchisi (Hissiyot) ijtimoiy, ikkinchisi (emosiya) xususiy ahamiyat kasb etadi. Shaxsning faoliyati, xulq-atvori, muomalasi hamda jamiyat uchun ahamiyatli hisoblangan narsa va hodisalarni aks ettiruvchi munosabati Hissiyotda mujassamlashadi. Emotsiya faqat insonlarga emas, mavjudotlarga ham taalluqli ruhiy holatdir. Hissiyot ijtimoiy muhitdagi kishilar tomonidan o’zlashtirilgan g’oyalar, me’yorlar, qonun-qoidalar, nizomlar, qadriyatlarni aks ettiruvchi anglanilgan his-tuyg’ular, murakkab kechinmalarning vujudga kelishi jarayonidir. Hissiyotda yuksak his-tuyg’ular ongli harakatlarni bajarishning mazmuni bilan uyg’unlashgan shaxs holatining murakkab tarkibida kechadi. Masalan, mehnatdan lazzatlanish hislari, axloqiy, aqliy, nafosat tuyg’ulari Hissiyotning o’zagi bo’lib hisoblanadi. Jonivorlar esa bunday imkoniyatlarga ega emas. Hissiyotning fiziologik asosi bosh miya katta yarim sharlari po’stida va po’stloq osti qismida yuzaga keladigan nerv jarayonlaridir. Ergash G’oziyev.