Hofiz

Hofiz (Arabcha — yoddan biluvchi, saqlovchi) — 7-asrdan arablarda Qur’on suralarini yoddan qiroat bilan o’quvchi kishi, qori. 11-asrdan musulmon Sharq mamlakatlari (jumladan, O’rta Osiyo va Xuroson)da mumtoz g’azal va dostonlarni yoddan aytgan kishilar, shuningdek, o’zi ham ijodkorlik qobiliyatiga ega, kuy-ohanglarni esda saqlash quvva (hofiza) si o’tkir bo’lgan, yuqori malakali ashulachi, xonanda (masalan, To’ychi Hofiz, Levicha Hofiz, Madumar Hofiz va boshqalar). Ayni paytda, o’z g’azallarini ohangli o’qigan hassos shoirlarga ham Hofiz darajasi nisbat berilgan (Hofiz Sheroziy, Hofiz Xorazmiy va boshqalar). Xalq orasida » Hofizi namudor» (nom qozongan Hofiz), «Hofizi nusrat» (g’alaba qozongan, hofizlar bellashuvida g’olib chiqqan Hofiz), «Hofizi mehrobxon» (Qur’on suralarini, «na’t» kabi diniy aytimlarini o’ta yoqimli ovoz bilan o’qiydigan Hofiz; masalan, Navoiyning «Majolis un-nafois» asarida tilga olingan Hofiz Jaloliddin Mahmud va boshqalar), «Hofizi Qur’on» (butun Qur’onni yod bilgan qori) kabi atamalar ham qo’llangan. O’rta Osiyoda Hofiz va hofizlik san’ati «jirchi», «oqin», «girchi», «giranda» deb atalgan o’ziga xos xonandalik an’analari negizida rivoj topgan. O’zbekistonda 1920 yillarda «Turkiston Respublikasi xalq hofizi» unvoni M.Qoriyoqubov, To’ychi hofizlarga berilgan. 1940-60 yillarda va 1990 yildan «O’zbekiston xalq hofizi» unvoni joriy etilgan. Baxriddin Nasriddinov.