Hojib
Hojib (Arabcha — xizmatkor) — 1) somoniylar, Qoraxoniylar, saljuqiylar kabi o’rta asr saltanatlarida hukmdor qabulxonasi boshlig’i, Eshik og’a. Saroy kotiblari, xazinachi va boshqa unga bevosita bo’ysunganlar. Xorijiy yurtlardan kelgan elchilar hukmdor qabuliga kirishdan oldin Hojib bilan uchrashgan. Hojibdan davlat ishlarida hushyor bo’lish, sir saqlash, mamlakat g’animlari, muxoliflari bilan muzokaralar yurita olish qobiliyati talab qilingan. Saltanat, hukmdor oldidagi salmoqli xizmati evaziga Hojibga xos Hojib yoki ulug’ Hojib unvonlari berilgan. Manbalar zarurat tug’ilganda Hojibning harbiy harakatlarda ham ishtirok etganligidan shahodat beradi. Mo’gullar davridan e’tiboran Hojib vazifasini bajaruvchi shaxs «shig’avul» atamasi bilan atalgan. Abulfazl Bayhaqiyning «Ta’rixi Mas’udiy» asarida yozilishicha, Hojiblar ulug’ Hojib, saroy Hojib, navbatchi Hojib, Hojib-jomador kabi turli darajadagi mansablarni egallashgan. Rasmiy marosimlarda ulug’ Hojib oliy hukmdorga eng yaqin joyni egallagan. Janglarda ulug’ Hojib qo’shinning mas’uliyatli qismlaridan biri — chap qanotga qo’mondonlik qilgan. Hojiblar odatda qora chakmon va 2 uchli kuloh kiyib yurganlar; 2) O’rta Osiyo xonliklarida darvozabon.