Hojimurod

Hojimurod (18-asr oxiri -1852.23.4) — Kavkaz xalqlarining podsho Rossiyasiga qarshi ko’targan myalliy ozodlik harakati rahbarlaridan biri, Shomilning noibi. Avar xonlariga yaqin xonadonda tug’ilgan va tarbiyalangan. Imom Hamzatbekka qarshi chorizm tomonidan uyushtirilgan suiqasdda faol qatnashgan (1834). Hamzatbekning o’limidan so’ng, chor Rossiyasining ishonchli odami Ahmadxon Mextulin bilan birgalikda Avar xonligini boshqargan. A. Mextulin yuborib turgan ma’lumotlarga asosan, Hojimurod maxfiy ravishda Shomil bilan aloqa bog’laganlikda ayblangan va rus ma’murlari tomonidan qamoqqa olingan (1836). U qamoqdan qochib, tselmes ovuliga o’rnashgan. Tog’liklarning ozodlik kurashiga qo’shilib, Shomilning eng yaqin safdoshlari va noiblaridan biriga aylangan. Jasur va qat’iyatli shaxs sifatida podsho qo’shinlariga qarshi ko’plab janglarda qatnashib, shuhrat qozongan va partizan urushida o’zining butun harbiy qobiliyatini namoyish qilgan. Imomlik ichidagi ba’zi tartiblar, ruslarga qarshi urush taktikasi va strategiyasi masalalaridagi ixtiloflar, shuningdek, Hojimurod xarakterida mavjud takabburlik va manmanlik natijasida u bilan Shomil o’rtasidagi munosabatlar buzilgan. 1851 yil 23 noyabrda Hojimurod ruslar tomoniga o’tgan, biroq 1852 yil aprelda ulardan qochib, toqqa ketgan va Nuxa shahridagi otishmalar paytida o’ldirilgan. Hojimurodning fojiali o’limi rus yozuvchisi L. N. Tolstoyning «Hojimurod» (1896-1904) qissasida o’z aksini topgan. Ll.Degaev V.V., Imom Shamil: Prorok, Vlastitel, Voin, M., 2001; Kaziev Sh., Imam Shamil, M., 2001.