Hokim

Hokim (O’zbekiston Respublikasida) — viloyat, tuman, shaharda oliy mansabdor shaxs. U mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat boshlig’i. Hokim lavozimining joriy etilishi o’zbek milliy davlatchiligi an’analari va tarixiy tajribalarga asoslangandir. Iskandar Makduniy zamonida mahalliy aholi vakillaridan Artaboz — Baqtriyada, Oksiart va xorien — So’g’diyona hududlarida Hokimlik qilganlar. Amir Temur va Temuriylar davrida davlat boshqaruvi oliy darajadagi amaldorlardan tashkil topgan Markaziy boshqaruv va viloyat Hokimlari qo’lidagi mahalliy boshqaruvdan iborat bo’lgan. Hokimlar mamlakatning amaldagi haqiqiy egalari edilar. O’rta Osiyo xonliklarida muayyan bir shahar va uning atrofidagi qishloqlar ustidan rahbarlikni amalga oshirish uchun belgilab qo’yilgan amaldorlar Hokim deb atalgan. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq O’zbekistonda mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini kuchaytirish maqsadida Hokim lavozimi ta’sis etildi. «O’zbekiston Respublikasi mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to’g’risida» Oliy Kengash tomonidan qabul qilingan qonun (1992 yil 4 yanvar) Hokim va hokimlik tuzilmasining asosiy vazifalarini belgilab berdi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga binoan, «viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo’ysunadigan shaharlardan, shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo’lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko’zlab o’z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar». Xalq deputatlari Kengashlari va Hokimlarning vakolat muddati — 5 yil. Vakillik va ijroiya hokimiyatini tegishligiga qarab viloyat, tuman va shahar Hokimlari boshqaradi. Viloyatlar Hokimlari va Toshkent shahri Hokimi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Shaharlardagi tumanlarning Hokimlari tegishli shahar Hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Tumanlarga bo’ysunadigan shaharlarning Hokimlari tuman Hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Hokimlar yakkaboshchilik prinpipida ish olib boradi va ularning chiqargan hujjatlari shu hududda bajarilishi shart. Hokim o’zining qarorlarigina emas, o’zi rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun ham shaxsan javobgardir. Hokim O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan miqdorda birinchi o’rinbosar va o’rinbosarlarga ega bo’ladi. Hokimlarning va xalq deputatlari mahalliy Ksngashlarining faoliyatini tashkil qilish, ularning vakolat doirasi «mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasining qonuni (1993 yil 2 sentabr)da belgilangan.