Holat diagrammasi

Holat diagrammasi, muvozanat diagrammasi, fazoviy diagramma — fizik-kimyoviy sistemaning tarkibi va holat parametrlari orasidagi munosabatning geometrik ifodasi. Holat parametrlari — termodinamik Sistema holatini ifodalaydigan fizik kattaliklar (temperatura, bosim, solishtirma hajm, magnitlanganlik, elektr qutblanish va hokazolar). Holat diagrammasi bir yoki ko’p komponentli moddaning muvozanat holatini geometrik tarzda ifodalaydi. Bu holat bir fazali, ikki fazali va ko’p fazali bo’ladi. Fazalar gazsimon, suyuq, qattiq, o’ta o’tkazuvchan, segnetoelektrik va boshqalar bo’lishi mumkin. Agar sistema bitta komponentdan iborat bo’lsa (eng sodda hol), Holat diagrammasi to’g’ri burchakli uch koordinata o’qiga (bu o’qdar bo’yicha temperatura T bosim R va mol qajm V qo’yiladi) qurilgan 3 o’lchovli fazoviy shakl ko’rinishini oladi. Ikki fazali muvozanat holat egri chiziqlar, 3 fazalisi esa nuqta bilan tasvirlanadi. Har qanday modda qattiq, suyuq va gazsimon fazasining muvozanatiga mos keluvchi 0 nuqta unlama nuqta deyiladi. Ko’p komponentli sistemalarning Holat diagrammasi murakkab bo’ladi. Holat diagrammasini eksperimental qurishda fizik-kimyoviy, termik va rentgenografik analiz, optik va elektron mikroskopiya, dilatometriya va boshqalar usullardan foydalaniladi. Holat diagrammasi amalda, metallshunoslik, metallurgiya va kimyoning turli sohalarida keng qo’llanadi. Qotishmalarning erish sohasi, temperaturasi termik ishlov rejimlari Holat diagrammasiga ko’ra aniqlanadi.