Hovuzak, Havzak
Hovuzak, Havzak — xona, ayvon shiftidagi chuqurcha; me’moriy shakl. O’zbek me’morligida 19-asr oxiri — 20- asr boshlaridan keng qo’llana boshlangan. Bino shifti bo’lak (kesson)larga bo’linib Hovuzak ishlangan. Hovuzak aylana, to’rtburchak, yulduz va ko’p qirrali shakllarda bo’lib, bo’yama naqshlar bilan, ba’zan muqarnaslar bilan ziynatlangan. Hovuzak vassa, sharafa, to’sin, ustun, boshalar bilan birga shiftning jozibador ko’rinishini hosil qiladi. Toshkent (hozirgi Amaliy san’at muzeyi va boshqalar), Farg’ona (Qo’qondagi Xudoyorxon o’rdasi va boshqalar), Buxoro (Bolohovuz me’moriy majmui va boshqalar)ning me’moriy yodgorliklarida Hovuzak keng qo’llangan. 20- asr — 21-asr boshlari o’zbek me’morligida ustalar jamoat va turar joy binolari (ayniqsa, fanerli shiftlar)da Hovuzaklarni qo’llab binolarning ichki ko’rkamligini boyitmoqda. Jumladan, Samarqanddagi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuida usta A.Abdullayev ishlagan Hovuzaklar binoga yanada ko’rk bag’ishlagan.