Hulokuiylar davlati
Hulokuiylar davlati, el xonlar davlati — yaqin va O’rta Sharqda Mo’g’ullar davlati tanazzulga uchrayotgan paytda tuzilgai davlat (1256-1353). Asoschisi Chingizxonning nevarasi Huloku. Hulokuiylar davlatiga Eron, Afg’oniston va Turkmanistonning ko’p qismi, Zakavkazening yarmidan ko’pi, Iroq va kichik Osiyoning Sharqiy qismi (qizil irmoq daryosigacha) kirgan. Hulokuiylar davlati hukmdorlari Elxon unvoniga ega bo’lishgan. Gruziya, Trapezund imperiyasi, Ko’niya sultonligi, Kilikiya arman podsholigi, Kipr qirolligi, Kurtlar davlati Hulokuiylar davlatining vassali hisoblangan. Poytaxti dastlab Marog’a, so’ng Tabriz, keyinchalik Sultoniya bo’lgan. Hulokuiylar davlati Chig’atoy ulusi, Oltin O’rda, mamluklar va salibchilar bilan urush olib borgan. Hulokuiylar davlati Rim papasi, Genuya, Frantsiya va Angliya qirollari bilan ittifoq tuzib Misrga qarshi urushgan, lekin mag’lubiyatga uchragan. Hulokuiylar davlatida mo’g’ul va turk ko’chmanchi qabila zodagonlari hukmron siyosiy kuch bo’lgan. Dastlabki elxonlar butparast bo’lishgan. Hulokuiylar davlatiga kirgan mamlakatlar iqtisodi mo’g’ullar tajovuzi davrida butunlay barbod bo’lgan. Hulokuiylar davlati hukmdorlaridan G’ozonxon davrida mamlakat ahvolini yaxshilash maqsadida ma’muriy va iqtisodiy islohotlar o’tkazilgan. G’ozonxon islohotlari Hulokuiylar davlati xo’jaligini birmuncha yaxshilagan, lekin mamlakatda tovar ishlab chiqarishning kamayishi, shaharlarning tanazzulga uchrashi va juda katta ikto’eriga ega bo’lgan zodagonlarning soliklardan ozodligi, mustaqil harakatlari natijasida Markaziy hukumat kuchsizlangan. Abu Said vafotidan so’ng Hulokuiylar davlatida yagona hukmdor qolmagan. Turli viloyatlarda alohida-alohida elxonlar hukmronlik qilgan. Ular o’rtasidagi kurash, sarbadorlar qo’zg’olonlari natijasida Hulokuiylar davlati bir necha mustaqil davlatlar (Muzaffariylar, jaloyiriylar va boshqalar)ga bo’linib ketgan. Hulokuiylar davlatining o’z o’rdasi bilan Go’rgonda ko’chib yurgan so’nggi elxoni sarbadorlar hujumiga duch kelib halok bo’lgan (1353 yil dekabr).