Husayn Jovid
Husayn Jovid (taxallusi; asl nomi Husayn Rasizoda) (1884.24.10, Naxichevan — 1944) — Ozarbayjon shoiri, dramaturg. Ozarbayjon romantizmining yirik vakili va asoschilaridan biri. Istanbul universitetida o’qigan (1905-09). «O’tgan kunlar» (1913), «Bahor shabnamlari» (1917) she’riy to’plamlari va «Shaydo» dramasi (1917)da xalqning adolatsizlik, zulmga qarshi isyoni aks etgan. «Ona» (1910), «Maral» (1912), «Shayx San’on» (1912-14) dramalarida va «Iblis» tragediyasi (1918)da gumanizm va insonparvarlik g’oyalari ilgari surilgan. «Payg’ambar» (1922), «To’pol Temur» (1926), «Knyaz» (1929), «Siyovush» (1933), «Xayyom» (1936), «Iblisning intiqomi» (1936) kabi tarixiy va falsafiy dramalar yozgan. «Maral», «Iblis», «Shayx San’on», «To’pol Temur» 20-yillarda Xurshid tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan. «Shayx san’on» dramasi Hamza nomidagi O’zbek akademik drama teatrida sahnalashtirilgan.