IKKINCHI JAHON URUSHI

IKKINCHI JAHON URUSHI (1939-1945) — Germaniya, Italiya va Yaponiyaning aybi bilan boshlangan jahon tarixidagi eng yirik urush. XX asr fojiasi sifatida insoniyat tarixiga kirdi. Bu urushning kelib chiqishida asosiy rolni fashistlar Germaniyasi o’ynadi. 1939-yil 1-sentabrda Germaniya Polshaga bostirib kirdi va Ikkinchi jahon urushini boshlab berdi. 3-sentabrda Angliya va Fransiya Germaniyaga qarshi urush e‘lon qildi. SSSR 1939-yil 17-sentabrda Polsha hududiga qo’shin kiritdi. G’arb mamlakatlari (Angliya, Fransiya, AQSH) hukmron doiralarining «kelishtirish» siyosati Avstriyani (1939-yil mart), Chexoslovakiyani (1939-yil mart) Germaniyaga qo’shib olinishiga va Myunxen bitimiga (1939-yil sentabr) yo’l ochib berdi. 1945-yil 2-mayda sovet qo’shinlari Berlinni ishg’ol qildi. A. Gitler o’zini o’ldirdi. 8-mayda Berlin yaqinidagi Karlsxorstda Germaniya oliy qo’mondonligi vakillari fashistlar Germaniyasining ikkinchi jahon urushida so’zsiz taslim bo’lganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi. Manjuriyadagi yapon qo‗shinlari sovet armiyasi tomonidan tor-mor qilingach, Yaponiya 1945-yil 2-sentabrda so’zsiz taslim bo’lganligi haqidagi hujjatga qo’l qo’ydi. Shu tariqa Ikkinchi jahon urushiga yakun yasaldi. Ikkinchi jahon urushiga jami 72 davlat jalb etildi. Urushda ishtirok qilgan mamlakatlarning 110 million aholisi unga safarbar etildi. Harbiy harakatlar 40 davlat hududida bo’lib o’tdi, barcha xarajatlar 4 trillion dollarni tashkil etdi. Urush davomida 62 mln. kishi (shu jumladan 27 mln. SSSR fuqarosi) halok bo’ldi.