Jizzax shahrida aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish

1917 yil 9 dekabrda Turkiston Xalq Komissarlari Soveti tarkibida Sog’liqni saqlash xalq komissarligi tashkil etildi. Bu aholiga tibbiy xizmat ko’rsatishda ma’lum siljishlar bo’lishiga olib keldi. 1918 yilda Jizzax uyezdi hududida 3 ta kasalxona, ularga qarashli 3 ta feldsherlik punktlari tashkil qilinib, ularda 1 nafar oliy, 9 nafar o’rta maxsus ma’lumotga ega bo’lgan feldsherlar aholi orasida tarqaladigan turli yuqumli kasalliklarga qarshi kurash olib bordilar.

1919 yil 28 yanvarda Rossiya Xalq Komissarlari Sovetining “Ichterlamaning oldini olish bo’yicha tadbirlar to’g’risida”gi qaroriga asosan ichterlama bilan og’rigan bemorlarni kasalxonaga yotqizish va davolashda Toshkent, Samarqand shaharlari shifokorlari Jizzax tibbiyot xodimlariga katta amaliy yordam ko’rsatdilar. Shaharga doimiy ishlash uchun yuborilgan shifokor N.V.Samoylov boshchiligidagi 10 nafar feldsher va hamshiralar Ravot, Yom, Zomin, Sangzor, O’smat, Yangiqo’rg’on, G’allaorol, Savruk, Qizilqum, Bog’don va Chordara volostlari aholisiga tibbiy xizmat ko’rsatishdi. Ichterlama kasalini davolash uchun uyezd hududida jami 150 o’rinli mavsumiy kasalxonalar, jumladan, Jizzax shahrida 15 o’rinli, Zominda 25, Usmatda 25, Yangiqo’rg’onda 25, Bog’donda 25 o’rinli kasalxona ochilgan. Jizzax uyezdi qishloqlarida davolash va profilaktika ishlarini amalga oshirishga I.N.Sametskiy, N.V.Samoylovlar bevosita boshchilik qilganlar. 1920 yil oxirlariga kelib, ichterlama epidemiyasini bartaraf qilishda Otabek Mahmudov, Abduxalil Abdug’afforov, Eshonqul Xudoyqulov singari tibbiyot xodimlari ular safiga qo’shildilar.

1923-1924 yillarda aholi o’rtasida davolash, profilaktika ishlari birmuncha yaxshilandi. O’lat, vabo, chechak singari kasalliklar tugatildi, rishta kassalligi barham topdi. Mazkur ksalliklarni bartaraf etishda jizzaxlik bosh hakim V.Goncharev, dorishunos V.Denisov, zominlik P.Pevzner, A.Kunanov, A.Haydarov, forishlik V.Kuzminlar ter to’kib, mehnat qilishdi. 1928-1930 yillarda Jizzax shahar kasalxonasida bolalar shifokori Zabrodin, jarroh M.Gasporyan, dorishunos M.Shapirov, N.Goldenburg, A.Uspenskiylar aholiga tibbiy xizmat ko’rsatdilar. Jizzax aholisi o’rtasida chechak kasalligining oldini olish va uni tugatishga munosib hissa qo’shgan shifokor Eshonqul Xudoyqulov nomini kishilar hurmat bilan tilga olishadi. U 1909 yili I.Sametskiy ochgan chechak kasalligini emlash bo’yicha tayyorlov kursini bitirib, minglab bolalarni chechakka qarshi emlab davolagan. Eshonqul Xudoyqulov samarali mehnatlari evaziga 1937 yili “Mehnat Qahramoni” unvoni bilan taqdirlanib, 1939, 1950 yillari ikki marta O’zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining Faxriy yorliqlari va medallar bilan mukofotlangan edi. Aholiga tibbiy xizmat ko’rsatishga tajribali shifokor Asror Mamasiddiqovning xizmatlarini ham alohida qayd qilish joiz.

1940 yili hozirgi Jizzax viloyati hududida jami 280 o’rinli 13 ta shifoxona, 30 o’rinli 2 ta tug’ruqxona, 18 ta hamshiralik, 4 ta feldsherlik ambulatoriyasi, 24 ta dorixona punktlari mavjud edi. Ularda tibbiyotning turli sohalariga oid 28 hakim, 6 tish shifokori, 29 feldsher, 12 akusher, 64 hamshira, 1 provizor va 18 dorishunos xizmat qilgan.

Shifoxona qoshida suyak-bo’g’im sili xonasi ochilib, Ozod Yo’ldoshev mudirlik qildi. Shifokorlardan V.Mitanov, O.Imomova, N.Dmitriyevalar aholi o’rtasida sil kasalligining oldini olish yuzasidan keng miqyosda targ’ibot-tashviqot ishlari olib bordilar.

Urushdan keyingi 1946-1950 yillarda Jizzax shahar markaziy shifoxonasi kengaytirilib, 50 o’ringa yetkazildi. Ichki kasalliklar, bolalar, jarrohlik bo’limlari ochildi. 1950 yilda esa shifoxona qoshida ko’z kasalliklari palatasi, shahar tabobatxonasida ko’z kasalliklari xonasi ochilib, oculist V.L.Kramm bemorlarga xizmat ko’rsatdi. 1940 yilda tashkil topgan “Tez yordam” bo’limi shifoxona ixtiyoriga o’tkazilib, avtomashina bilan ta’minlandi.

Shahardagi ohak zavodi qoshida aholiga xizmat ko’rsatayotgan shifoxonadagi o’rinlar soni 10 taga yetkazilib, unga tajribali shifokor M.A.Slavgorodskaya boshchilik qildi. 45 o’rinli tug’ruqxona va tug’ruqxona qoshida 10 o’rinli ginekologiya bo’limi faoliyat ko’rsatdi.

Tinch qurilish yillarida jarroh Safar Tursunov, terapevt I.I.Bichenkova, bolalar shifokori va ginekolog G.B.Nazamchik, venerology K.Zyuzyukin, sil kasalliklari shifokori K.V.Simgenular aholi sog’lig’ini saqlashda tashabbus ko’rsatib mehnat qildilar.

1946 yilda shahar sanitariya-epidemiologiya bo’limi sanitariya-epidemiologiya stansiyasiga aylantirilib, Z.Zazulina boshliq etib tayinlandi. Tuman markaziy shifoxonasida bolalar yuqumli kasalliklari bo’limi tashkil etildi. 1947-1948 yillarda shahar va tumanga Toshkent, Samarqand tibbiyot institutlarini tugallagan malakali tibbiyot xodimlari ishga keldi. Ular safida S.Qosimov, G’.Nasoqova, Z.Saruxanova, X.Oripova, N.Sharapova, S.Imomov, V.Kramm va boshqalar bor edi. 1952 yili shahardagi teri-tanosil kasalliklari shifoxonasida zamburug’ kasalliklarini roentgen apparati nuri yordamida davolash yo’lga qo’yildi. Bu ishni Jizzaxda birinchi bo’lib rentgenolog Zaynab Isomiddinova bilan laborant A.Kramm amalga oshirdi.