Jizzaxlik shifokor olimlar

Yillar o’tib, shaharda aholi ko’paya bordi. Tabiiyki, bu aholiga ko’rsatiladigan tibbiy xizmatni ham yuksaltirishni talab qilardi. Tibbiyot fani va tibbiy xizmat ana shu ehtiyojga binoan o’sib bordi. Xayri Oripova Samarqand tibbiyot intitutini tugallagach, o’zining butun umrini aholi sog’lig’ini saqlashga sarfladi. Tajribali shifokor X.Oripova 1974-1986 yillari viloyat shifoxonasining bosh hakimi lavozimida ishlab, aholi sog’lig’ini tiklashdagi xizmatlari evaziga bir qator orden, medallar, O’zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Faxriy yorlig’i, “Sog’liqni saqlash a’lochisi” ko’krak nishoni, “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan shifokor” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Samarqand tibbiyot institutining pediatriya fakultetini tamomlagan Xolbuvi Muhammadiyeva butun umrini bolalar salomatligini tiklashga beminnat xizmat qilgani uchun hukumatimiz tomonidan “Mehnat qizil bayroq” ordeni bilan taqdirlanadi. 1964 yilda shahar kasalxonasi qoshida 15 o’rinli travmatologiya bo’limi tashkil qilinib, unga jarroh Sunnat Qosimov boshchilik qildi. Sunnat Qosimov bo’limda uzoq yillar faoliyat ko’rsatdi, bo’limni keyinchalik alohida kasalxona bo’lib ajralib chiqishining tashabbuskori bo’ldi. U o’z faoliyatini ijodiy ish bilan bog’lab, Respublika jurnalistlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi. U Jizzaxda tib ilmining tarixi va rivojiga oid bir necha to’plamlar muallifidir.