Kandak
Kandak — o’rta asrlarda Nasafdan Termizga boradigan karvon yo’lida joylashgan shaharcha. Kandak haqida ilk.bor tabariy ma’lumot bergan. 751-752 yillarda Kesh shohi ixshid bu yerda Abu Dovud Xolid ibn Ibrohim boshchiligidagi Arab qo’shinlariga qurolli qarshilik ko’rsatgan. «Kandak» atamasi «kand» sug’diycha «kat»ning turkiycha shakli bo’lib «qal’a» yoxud «kichik shahar» ma’nosini beradi. E. V. Rtveladzening fikricha, Kandak hozirgi Oqrabot o’rnida bo’lgan. So’nggi o’rta asrlarda u karvon yo’lida joylashgan muhim strategik punkt hisoblangan. 16-asrda uning o’rnida katta karvonsaroy bo’lgan, 20-asr boshida — burchaklarida minoralari bo’lgan qal’a. Kandakdan 10— 11-asrlarga oid sopol buyumlar topilgan.