Kimni Fransiya modasining ramzi deb atashgan?
1903 yilda yigirma yoshli Gabriyel Shanel viloyatdan Parijga kelganida, u faqat tayyor trikotaj bilan savdo qiladigan kichik do’konga xizmatga kira oladi, xolos. Shanel o’z tengqur dugonalarining aksariyati singari aktrisa bo’lishni orzu qilardi va chindan ham bir necha yil davomida Varete artisti bo’lib ishlab keldi. Ana shu ishtiyoqidan unga berilgan bir muncha o’ynoqi laqab — Koko bir umrga esdalik bo’lib qoldi. Dastlab do’stlari, so’ngra esa butun Fransiya uni shu nom bilan atay boshladi. O’zining birinchi eri bilan ajralishganidan so’ng shlyapa sotuvchi do’konga, shuningdek tijorat ahlidan ko’psonli tanishlarga ega bo’ldi. Bu esa uning amallariga sarchashma bo’ldi. U bir umrga faqat birgina: «ko’ylak botinida ayol borligini unutma» degan shiorga rioya qildi. Uning liboslari odmi va nafis bo’lib, ishda ham, teatrda ham birday asqotardi, shu bois tezda ommaviylashib ketdi. Shanel ajoyib dizayner sifatida shunday modellarni o’ylab topardiki, ular asr mobaynida modada bir necha bor takrorlanib turdi. Masalan, uning hammaga ma’lum bo’lgan qoratus ko’ylagi ana shunday fazilatni saqlab qoldi. Shanelning siri odatiy liboslarni ozroq takomillashtirishda edi. Chunonchi an’anaviy qalami yubka oyoqni oyoqqa chalkashtirib o’tirishga mo’ljallangan. Shanel hamisha noan’anaviy yoki boshqa modelerlar murojaat qilmagan gazmollardan, ba’zan ulardagi ko’zga tashlanmaydigan fazilatlar va ko’pyuklamali qo’llash imkoniyatlarini topib trikotaj, tivit, flanel kabilardan samarali foydalandi. Shu bois Shanel taklif etgan liboslar nafaqat orasta, ayni paytda kiyib yurish uchun ham qulay edi. Asta-sekin Shanelning ayollar ko’ylagi do’koni ayollar modasi markaziga aylandi. U 1921 yilda ochilgan edi. Gollivud kinoyulduzlari, rus balerinalari va hatto prezidentlarning rafiqalari ham shu yerdan libos xarid qilardilar. Shanelning liboslari bilan taniqli madaniyat arboblari bastakor I. Stravinskiy, rassom P. Pikasso va teatr arbobi S. Dyagilev faxrlanar edilar. Kiyim-kechaklardan tashqari Shanel birinchilardan bo’lib ayollar uchun qo’shimcha libos — aksessuarlar sota boshladi. Bu bilan u ayolni go’zal, orasta va amaliy kiyintirish to’g’risidagi o’z g’oyasini hozirgi zamon xotin-qizlarining mukammal qiyofasini yaratish bilan quvvatlantirdi. Uning o’ylab topgan beshinchi rusumli atirlari iforlar olamida, mana qirq yildirki, eng ko’p ishlatiladigan ommaviy muattar hidini saqlab qolmoqda. Ana shuning uchun ham Gabriyel Shanel muxlislaridan birining: «Sizlar ko’pchiliksiz — Shanel yagona» degan so’zlariga qo’shilmasdan bo’lmaydi.