ABDALOV OTAJON

ABDALOV OTAJON (1856-1939) – ilk o’zbek matbaachi va noshiri. Matbaachilik faoliyatini 1874 yildan Xiva shahridan Xiva xoni Muhammad Rahimxon II saroyida tashkil etilgan toshbosmada ishlashdan boshlagan. Abdalov Otajon 1876 yilda Abdunosir Farohiyning “Nisabussibyon” asarini toshbosmada bosib xonga taqdim etdi. Bu kitob Xivadagina emas, balki butun O’rta Osiyo miqyosida birinchi bosma kitob hisoblanadi. Abdalov Otajon bosib chiqarish uchun loyiq asarlarni o’zi tanlab, ularni Muhammad Rahimxonga chop etishga ruxsat berish uchun tavsiya qilgan. Qo’lyozmalarni nashrga tayyorlashda o’ziga zamondosh bo’lgan taniqli hattot va shoirlarning ko’magidan foydalangan. 1876-1910 yillarda Abdalov Otajon Xiva matbaasida 10 dan ortiq kitobni nashrdan chiqardi. Bular orasida Navoiyning “Xamsa” (asarning “Hayrat-ul Abror” qismi; 1880), “Xazoyin ul Maoniy”, 1881, “Chor devon” (1882), Ogahiyning “Tavizul oshiqin” (1882) nomli asarlari Muhammad Rahimxon II (Feruz) ning g’azallari (1897) va “Majmuat ush-shuaro” (1990) to’plamlari bor. Abdalov Otajon Xorazm xalq hukumatining bir qancha xitobnomalari, tarixiy hujjatlarini, Xiva shahrida o’zbek, rus, turkman, qoraqalpoq tillarida gazetalar chiqarishga boshchilik qilgan.