ABDIY

ABDIY Mirabdullaxo’ja (1870-Buxoro – 1922) – shoir va tazkiranavis. Abdiyning ayrim zamondoshlariga bag’ishlangan qasida va g’azallaridan namunalar Afzal Primastiyning (“Afzal ut-tazkor” (1904) va Ne’matulla Muhtaram (“Tazkirat ush-shuaro”, 1910) tazkiralarida uchraydi. “Tazkirai Abdiy” (yoki “Tazkirat ush-shuaro”, 1904) tazkirasida Amir Abdulahad davrida yashab ijod etgan 118 shoir haqida biografik ma’lumot va asarlaridan namunalar berilgan. Tazkira muqaddima va 28 maqsad (bob) dan iborat. Muqaddimada she’r va shoirlik haqida fikr yuritiladi. Muallif shoirlarni oddiy, kamtar bo’lishga, yengil obro’ va boylik izidan quvmaslikka undaydi. Boblarda shoirlar ijodiga baho berilgan. Asar 19-asr oxiri – 20-asrboshi Turkiston adabiy harakatchiligini, xususan, o’zbek-tojik adabiy aloqalarini o’rganishda muhim manbalardandir. Jumladan, tazkirada Ahmad Donish, Vozeh, Shohin, Sadriddin Ayniy, Toshxo’ja Asiriy kabilar haqida qimmatli ma’lumotlar bor.